14:36 / 26.06.2022
34508
Shoygu urush boshlanganidan buyon ilk marta Ukrainaga bordi

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu urush boshlanganidan buyon ilk marta Ukrainaga borib, yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar bermoqda.

Foto: Videodan kadr

Shoygu Rossiya qo‘shinlari boshqaruv punktiga borib, qo‘mondonlarning hisobotini eshitgan. Xabarda aytilishicha, vazir asosiy e’tiborni ko‘p tomonlama harbiy harakatlarni tashkil etish va harbiylarga kerakli sharoit yaratilishiga qaratgan, ba’zi harbiylarga Rossiya qahramoni va jasorat ordenlarini topshirgan.

Mudofaa vazirligi Shoygu aynan qaysi shaharga borganini xabar qilmagan, e’lon qilingan videoning ko‘p qismi ovozsiz. Kadrlardan Shoyguga Ukraina safarida Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi tezkor boshqaruv boshqarmasi rahbari Sergey Rudskoy, Shoyguning harbiy tayyorgarlikka javobgar o‘rinbosari Yunusbek Yevkurov va mudofaa vazirining moddiy-texnik ta’minot bo‘yicha o‘rinbosari Dmitriy Bulgakov hamrohlik qilganini ko‘rish mumkin.

Sergey Shoyguning Ukrainaga tashrifi Rossiya tomonidan strategik g‘alaba deb e’tirof etilayotgan Severodonetsk shahri bosib olinishi fonida amalga oshirildi. Avvalroq Rossiya armiyasining Ukrainadagi janubiy yo‘nalishiga Sergey Surovikin rahbar etib tayinlangani e’lon qilingandi.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top