16:49 / 06.07.2022
20257

Serra-Leoneda futbol o‘yinlari 91:1 va 95:0 hisobida yakunlandi

Afrika qit’asida joylashgan Serra-Leone davlati ligalaridan birida o‘tkazilgan 2 ta futbol o‘yinida jami 187 ta gol urildi. Mamlakat futbol assotsiatsiyasi surishtiruv boshlanganini e’lon qildi.

Foto: Getty Images

Serra-Leone quyi ligasining so‘nggi turidan o‘rin olgan 2 ta o‘yin gollarga haddan ziyod boy bo‘ldi. 

Jumladan, «Kahunla Reyndjers» o‘z maydonida «Lumbebu Yunayted»ni 95:0 hisobida, «Galf» klubi esa «Kokuima Lebanon»ni 91:1 hisobida mag‘lub etdi. Bu natijalar mamlakat futboli tarixidagi eng yirik hisob bo‘ldi.

Serra-Leone futbol assotsiatsiyasi (SLFA) prezidenti Tomas Daddi Brima har ikkala o‘yin natijasi bekor qilinganini aytdi: «Biz bunday noxush voqea ishtirokchilari jazosiz qolayotganiga bir chetda qarab turolmaymiz. Zudlik bilan surishtiruv boshlaymiz va bunday sharmandalikka yo‘l qo‘ygan barcha aybdorlarni javobgarlikka tortamiz. Aybdor shaxslar SLFA qoidalariga muvofiq jazolanadi. Shuningdek, ularning ishi mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurash komissiyasiga topshiriladi».

«Kahunla Reyndjers» bosh direktori «sportga xos bo‘lmagan xatti-harakatlarni keskin qoraladi». «Lumbebu» jamoasi bosh menejyeri esa «o‘yinda qandaydir kelishuv bo‘lganidan bexabar» ekanini aytdi.

«Kokuima Lebanon» klubi rahbari o‘z jamoasi ishtirokidagi bahs aslida o‘rtoqlik o‘yini bo‘lganini ta’kidladi. «Galf» klubi rasmiylari qandaydir izoh berishdan bosh tortishdi.

«Kahunla Reyndjers» va «Galf» klublari so‘nggi turdan oldin bir xil ochko jamg‘arishgan edi. Ular Super 10 milliy ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan edi.

Ikki o‘yin bir xil vaqtda boshlandi. Birinchi bo‘limdan keyin «Kahunla Reyndjers» 2:0 hisobida, «Galf» esa 7:1 hisobida oldinda edi. Ikkinchi bo‘limda vaziyat keskin o‘zgarib ketdi va to‘plar farqi yaxshiroq bo‘lgan jamoa keyingi bosqichga chiqishi oydinlashdi. Natijada «Kahunla Reyndjers» 45 daqiqa ichida 93 ta gol, «Galf» esa 84 ta gol urdi.

«Kahunla» kompaniyasining ijrochi direktori Erik Kaitell o‘z jamoasi va qolgan 3 ta klubni ijtimoiy tarmoqlarda qoraladi.

«Klubim «Kahunla Reyndjers»ning g‘alati o‘yin natijasi uchun mamlakatdagi va dunyo futbol muxlislaridan uzr so‘rayman. Men o‘z jamoam va unga aloqador boshqa jamoalarning sportga xos bo‘lmagan bunday xatti-harakatlarini keskin qoralayman. Bu voqeani tekshirish uchun qo‘mita tuzmoqdaman. Hech qachon kelishilgan o‘yinlarning bir qismi bo‘lmayman», dedi u.

«Lumbebu» bosh menejyeri Muhammad Jan Said Jalloh bosh murabbiy yo‘qligida uning o‘rnida turgan edi. O‘yinda uning 3 futbolchisi chetlatildi, jamoasi 0:95 hisobida yutqazdi.

«Men o‘yinda kelishuv bo‘lganidan xabardor emasman, boshqalarni bilmadim. Ikkinchi bo‘limda juda ko‘p gol o‘tkazib yubordik. Hech qachon kelishilgan o‘yinlarning bir qismi bo‘lmayman. Men futbol ma’muriyatini ikkala o‘yinni ham tekshirib ko‘rishga va aybdorlarni jazolashga chaqiraman», dedi u.

«Kokuima Lebanon» klubi rahbariyati «Galf»ga (1:91) qarshi o‘yin o‘rtoqlik maqomida bo‘lganini ta’kidladi. Muhammad Lanfia Tunkara so‘zlariga ko‘ra, rasmiy o‘yin o‘tkazilmasdan qolgan. Uning o‘rniga muxlislarni ranjitmaslik uchun klubning ba’zi a’zolari va futbolchilari ishtirokida o‘rtoqlik bahsi o‘tkazilgan.

Top