17:10 / 03.08.2022
35459

Asaka tumani hokimi o‘rinbosari va bank filiali rahbarini kaltaklagan oila qamoqqa olindi

Internetda videomurojaat bilan chiqib, qarindoshlari qamalgani va o‘zi chorasiz qolganini aytgan qizaloqdan uning qarindoshlari o‘zlarining qabih maqsadlari yo‘lida foydalanishgan, deya ma’lum qildi IIV matbuot xizmati. Ma’lum bo‘lishicha, qizchaning qarindoshlari hokim o‘rinbosari va bank filiali rahbarini do‘pposlagani sabab qamoqqa olingan, qizcha xolasining qaramog‘iga topshirilgan.

Foto: Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda yosh qizaloq yig‘lab prezidentga murojaat qilgani videosi tarqaldi. Qizcha yaqinlarini qamab qo‘yishgani, o‘zi esa chorasiz qolganini aytgan.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning ma’lum qilishicha, qizchaning qarindoshlari “o‘zlarining qabih niyatlarini amalga oshirish ilinjida jajji qizaloqdan foydalangan”.

15 iyun. Hokimiyatdagi janjal

G‘iyosovga ko‘ra, 15 iyun kuni Andijon viloyati Asaka tumanida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan M.S. (videodagi qizchaning onasi) va 1975 yilda tug‘ilgan M.M. (qizchaning xolasi) Asaka tumani hokimiyatiga kelib, janjal ko‘tarishgan.

Ular 2004 yilda tug‘ilgan S.I. uchun Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyun kungi 402-son qaroriga asosan oliygohga imtiyozli o‘qishga kirish tavsiyanomasini berishni talab qilgan.

Opa-singil Asaka tuman hokimining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari D.Aliyevani hokimlik hududida uyatli so‘zlar bilan haqoratlab, sochi va kiyimidan tortib, urib-do‘pposlashgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining 20 iyun kungi 786-sonli xulosasiga ko‘ra, Aliyevaga “qisqa muddatga sog‘lig‘ini buzilishiga sabab bo‘lgan yengil tan jarohati” yetkazilgan.

20 iyun. Suddagi janjal

IIV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yuqorida tilga olingan fuqaro M.M. 20 iyun kuni o‘g‘li A.I., qizi Z.G‘. va jiyani S.I. bilan Asaka tumanlararo iqtisodiy sudiga kelib, janjal ko‘tarishgan.

Ular sudda Asakabank filialidan A.I.ga tegishli bo‘lgan “Asaka Bread Svit” MChJga 500 mln so‘m kredit ajratish bo‘yicha qilgan murojaati rad etilgani sababli, sud zalida Asakabank Bobur filiali rahbari B.Haydarovni haqoratlab, kaltaklashgan; ularning bu harakatlarini to‘htatmoqchi bo‘lgan milliy gvardiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatishgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining 21 iyun kungi 805-sonli xulosasiga ko‘ra, Haydarovga “qisqa muddatga sog‘lig‘ini buzilishiga sabab bo‘lgan yengil tan jarohati” yetkazilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha 22 iyun kuni:

  • M.M.ga nisbatan JKning 127-moddasi (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) 3-qismi, 140-moddasi (Haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi, 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “a, g” bandlari bilan;
  • Z.G‘.ga nisbatan JKning 127-moddasi 3-qismi va 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan;
  • A.I.ga nisbatan JKning 127-moddasi 3-qismi va 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan;
  • S.M.ga (qizchaning onasi) nisbatan JKning 127-moddasi 3-qismi, 140-moddasi 3-qismi “a” bandi, 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan;
  • S.I.ga nisbatan JKning 140-moddasi 3-qismi “a” bandi va 277-moddasi 3-qismi “a, g” bandlari bilan ayblov e’lon qilingan

Shu kunning o‘zida M.M., Z.G‘., A.I. va S.M.larga nisbatan qamoqqa olish, voyaga yetmagan S.I.ga nisbatan esa uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

“Ayblanuvchilarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash borasida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, fuqaro M.M. va uning jinoiy sheriklari bo‘lgan oila a’zolari tomonidan boshqa bir qator g‘ayriqonuniy hatti-harakatlar sodir etilgani aniqlangan.

Ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan ayblanuvchi M.S.ning ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat qilgan voyaga yetmagan qizi I.I. ayni vaqtda yaqin qarindoshlari opasi, xolasi va uning turmush o‘rtog‘i qaramog‘iga topshirilgan”, – deyiladi rasmiy xabarda.

“Oila banklardan kredit olib, ularni to‘lamay yuradi”

Ma’lum qilinishicha, M.M. va uning singlisi M.S. muqaddam sudlangan.

“Mazkur oila 2017 yildan buyon amaldagi qonun hujjatlarini ochiqdan ochiq buzishi, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasligi, fuqarolar va davlat idoralarining vakillari bilan deyarli har kuni turli janjallar uyushtirib yurishi, banklardan bir necha marotaba kredit mablag‘larini olishga erishib, so‘ng bank va boshqa xodimlar bilan aynan kredit qarzdorligini to‘lamaslik uchun janjallashib, ularning ustidan turli idora va tashkilotlarga tinimsiz murojaatlar yo‘llab (2020-2022 yillar mobaynida viloyat IIBning o‘ziga 64 marotaba murojaat qilgan), o‘tkazilayotgan sayyor va ommaviy qabullarga borib, notinchliklar tashkil qilib kelishi, doimiy ravishda norozi kayfiyatda yurishi bilan aholi hamda davlat idoralarining e’tiboriga tushgan”, – deyiladi IIV axborotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda fuqaro M.M. Andijon viloyatidagi banklardan jami 738 mln 210 ming so‘m miqdorida kredit mablag‘larini qo‘lga kiritib, ularni to‘lamasdan kelmoqda.

Top