«Bola duduqlansa, uni koyimang» - mutaxassis duduqlanish sabablari va ota-onalarning xatolari haqida
|20:036938 min
Duduqlanish nima sababdan paydo boʻladi, uning dastlabki belgilari qanday va ota-onalar nimalarga eʼtibor berishi kerak? Kun.uz jurnalisti Nigora Hasanova bolalar va kattalar psixologi, neyropsixolog Dono Qulunchakova bilan shu haqda suhbatlashdi.
Duduqlanish qaysi yoshda koʻproq kuzatiladi?
Duduqlanish - nutq ravonligining buzilishi boʻlib, bunda inson gapirayotganda ayrim tovush yoki boʻgʻinlarni takrorlashi, choʻzishi yoxud soʻzni boshlashda qiynalishi mumkin. Bu holat bolalarda ham, kattalarda ham uchraydi.
Psixolog Dono Qulunchakovaning aytishicha, mutaxassislarga duduqlanish bilan murojaat qiladiganlar orasida ikki yoshdan olti yoshgacha boʻlgan bolalar koʻp uchraydi.
«Ikki yoshda bolaning nutqi endi shakllanayotgan boʻladi. Besh-olti yoshda esa bogʻchadagi yangi guruhga oʻtish, maktabga tayyorgarlik kabi oʻzgarishlar boshlanadi. Ayrim bolalarda shu jarayonlar qoʻrquv va hayajon bilan kechadi», - deydi mutaxassis.
Uning taʼkidlashicha, ayniqsa, tortinchoq, notanish odamlar orasida oʻzini noqulay his qiladigan bolalarda nutq bilan bogʻliq qiyinchiliklar kuchliroq namoyon boʻlishi mumkin.
Biroq duduqlanishni faqat bolaning xarakteri yoki qoʻrqoqligi bilan izohlash toʻgʻri emas. Uning paydo boʻlishida irsiy va nutq rivojlanishi bilan bogʻliq omillar ham ahamiyatga ega.
Oiladagi janjallar bola nutqiga taʼsir qiladimi?
Suhbat davomida oiladagi nosogʻlom muhit, ota-onalar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar va bolaga nisbatan bosim masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Dono Qulunchakovaning kuzatishicha, oilada tez-tez janjal boʻlishi, bolaning qoʻrquv va doimiy hayajon bilan yashashi uning nutqiga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
«Yosh ota-onalarda farzand tarbiyasi boʻyicha tajriba yetishmasligi mumkin. Turli janjallar, mojarolar sabab bolada qoʻrquv paydo boʻladi», - deydi u.
Mutaxassis bolalarning telefon va boshqa gadjetlardan meyordan ortiq foydalanishiga ham toʻxtaldi. Uning soʻzlariga koʻra, ayrim oilalarda bola kunning katta qismini multfilm yoki videolar tomosha qilish bilan oʻtkazadi, kattalar esa u bilan yetarlicha muloqot qilmaydi.
«Bizga toʻrt-besh yoshga kirgan, hali nutqi shakllanmagan bolalarni ham olib kelishadi. Uydagilar ular bilan suhbatlashmaydi, gaplashmaydi», - deydi psixolog.
Mavzuga oid
Bola nima uchundir gapirayotganda tutilib qoladi, soʻzlarni takrorlaydi yoki fikrini oxirigacha yetkazishga qiynaladi. Bunday vaziyatda ayrim ota-onalar uni shoshiradi, tanbeh beradi, hatto toʻgʻri gapirishni talab qiladi. Aslida esa bu munosabat boladagi hayajonni yanada kuchaytirishi mumkin.
Qaysi belgilarda mutaxassisga murojaat qilish kerak?
Duduqlanish baʼzan toʻsatdan sezilishi, baʼzan esa asta-sekin kuchayishi mumkin.
Dono Qulunchakova ota-onalar bolaning gapirish jarayonidagi oʻzgarishlariga eʼtiborli boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Uning aytishicha, ayrim bolalar notanish odamlar davrasiga kirganda, koʻpchilik oldida gapirishga toʻgʻri kelganda yoki hayajonlanganida soʻzlarni aytishga qiynaladi. Baʼzan gapirishdan oldin kuchli taranglik seziladi.
«Ota-onalar bolalarining xatti-harakatlariga katta eʼtibor berishlari kerak. Shunday holatlarni sezishsa, mutaxassislarga murojaat qilishlari lozim», - deydi psixolog.
Bolaning nutqidagi har qanday tutilish duduqlanish degani emas. Lekin takrorlanishlar koʻpaysa, gapirish bola uchun qiyinlashsa yoki u soʻzlashdan qocha boshlasa, logoped yoki nutq buzilishlari bilan ishlaydigan mutaxassisga murojaat qilish maqsadga muvofiq.
«Nega duduqlanyapsan?» - ota-onalarning eng katta xatosi
Suhbatning muhim qismlaridan biri duduqlanadigan bolaga kattalar qanday munosabatda boʻlishi kerakligi haqida boʻldi.
Psixologning aytishicha, baʼzi ota-onalar bolasining nutqidagi qiyinchilikni sezgach, uni koyish yoki shoshirish orqali muammoni hal qilishga urinadi.
«Nimaga duduqlanib gapiryapsan?», «Tutilavermagin», «Toʻgʻri gapirishni bilmaysanmi?», «Oldin bunday emasding-ku» kabi gaplar boladagi bu holatni tezlashtiradi.
«Bola onamdan yoki otamdan gap eshitmay deb, bu holatni yashirishga harakat qiladi. Yashirgan sari undagi hayajon yanada kuchayishi mumkin. Bu ota-onalarning eng katta xatolaridan biri», - deydi Dono Qulunchakova.
Mutaxassis bolaga nutqidagi qiyinchilikni doimiy eslatib turmaslikni, u bilan koʻproq muloqot qilishni, sayrga chiqishni va kun tartibiga rioya etishni tavsiya qildi.
Eng muhimi, bola gapirayotganda uning soʻzlariga emas, aytmoqchi boʻlgan fikriga eʼtibor qaratish kerak.
Nega bola uyda ravon gapiradi-yu, bogʻchada duduqlanadi?
Duduqlanishning qiziq jihatlaridan biri - uning turli vaziyatlarda turlicha namoyon boʻlishidir.
Ayrim bolalar ota-onasi bilan yolgʻiz qolganda ancha ravon gapiradi. Biroq mehmonga borganda, bogʻchada yoki notanish odamlar oldida nutqidagi tutilishlar kuchayadi.
«Ota-onalar, uyda men bilan gaplashganda duduqlanmaydi, lekin bogʻchaga yoki mehmonga borganda qattiq duduqlanadi , deyishadi. Chunki yangi joy, notanish insonlar, koʻpchilik oldida boʻlish boladagi hayajonni oshiradi», - deydi u.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, duduqlanish maktab va bogʻchadagi munosabatlar taʼsirida ham kuchayishi mumkin.
Shu sababli u ota-onalarga farzandining individual xususiyatlarini hisobga olishni, tarbiyachi va pedagoglar bilan hamkorlik qilishni, zarur boʻlsa, taʼlim muassasasidagi psixolog va logopedga murojaat etishni tavsiya qildi.
Kundalik hayotda koʻp uchraydigan holat: bola biror soʻzni aytishga qiynaladi, kattalar esa unga yordam berish niyatida gapini tugatib qoʻyadi.
Bir qarashda bu gʻamxoʻrlikdek koʻrinadi. Biroq mutaxassis bunday qilishni tavsiya etmaydi.
«Uni sabr bilan oxirigacha eshitish kerak. “Tezroq gapir”, “Boʻla qol”, “Nimaga tutilayapsan?” degan gaplardan voz kechish lozim. Bola oʻz fikrini oʻzi tugatishi uchun sharoit yaratib berish kerak», - deydi psixolog.
Uning soʻzlariga koʻra, bolani shoshirish uning hayajonini kuchaytirishi mumkin.
Shuning uchun kattalar bolaning gapini boʻlmasligi, uning oʻrniga javob bermasligi va fikrini ifodalashi uchun yetarlicha vaqt ajratishi muhim.
Duduqlanish irsiy boʻlishi mumkinmi ?
Suhbatda duduqlanishning irsiy omillari ham muhokama qilindi.
Dono Qulunchakovaning aytishicha, ayrim bolalarda duduqlanishga moyillik oilaviy xususiyatga ega boʻlishi mumkin. Masalan, ota yoki onasida shunday holat kuzatilgan boʻlsa, bolada ham takrorlinishi mumkin.
«Bolada duduqlanish sezilganda, “otasida ham boʻlgan edi” yoki “onasida ham boʻlgan edi” degan maʼlumotni yashirish kerak emas. Buni yashirish orqali bolaga yordam berib boʻlmaydi», - deydi u.
Duduqlanishni davolash qancha vaqt oladi?
Duduqlanishni bartaraf etish uchun qancha vaqt kerakligi ham ota-onalarni qiziqtiradigan asosiy savollardan biri.
Dono Qulunchakovaning aytishicha, erta murojaat qilingan ayrim holatlarda bir necha oy davomida ijobiy oʻzgarish kuzatilishi mumkin.
U oʻz amaliyotida bolaning holatiga qarab psixolog, logoped-defektolog va nevrolog ishtirokida ish olib borilishini taʼkidladi.
Lekin «Baʼzi ota-onalar bir oy mashgʻulotga qatnaydi, bolasi yaxshiroq gapira boshlasa, hammasini toʻxtatib qoʻyadi. Davolash jarayoni toʻliq tugatilmasa, duduqlanish 100% yana qaytalanadi», - deydi mutaxassis.
Uning fikricha, mutaxassis bilan boshlangan ishni oʻzboshimchalik bilan toʻxtatmaslik muhim.
Shu bilan birga, barcha bolalar ikki-uch oyda toʻliq tuzaladi, deb kafolat berish mumkin emas. Natija duduqlanishning xususiyatlari, davomiyligi va bolaning individual holatiga bogʻliq. Dori vositalari ham duduqlanishning har bir holatida shart emas; ular faqat tegishli tibbiy koʻrsatmalar boʻlganda shifokor tomonidan belgilanadi.
Eng muhim tavsiya - bolani eshitish va qoʻllab-quvvatlash
Suhbat yakunida Nigora Hasanova mutaxassisdan ota-onalar uchun eng muhim tavsiyani soʻradi.
Dono Qulunchakova bu borada oiladagi munosabatlar alohida rol oʻynashini taʼkidladi:
«Eng avvalo, oilada chiroyli muhit yaratish kerak. Tinch, sokin muhit. Bolajonlarimizni yaxshi koʻrishimiz, ularni koʻproq quchoqlashimiz kerak».
Duduqlanadigan bola uchun eng ogʻir vaziyatlardan biri - atrofdagilarning kulishi yoki kattalarning tanbehidir.
Bunday paytda bolaga «toʻgʻri gapirish»ni talab qilishdan koʻra, uni xotirjam tinglash, fikrini oxirigacha aytishiga imkon berish va zarur mutaxassis yordamini tashkil etish muhimroq.
Duduqlanish bolaning aqliy qobiliyati yomonligini anglatmaydi. Eng muhimi, uning nutqidagi qiyinchilikni aybga aylantirmaslik va bolani bu muammo bilan yolgʻiz qoldirmaslikdir.