16:41 / 08.08.2022
27207
Ish so‘rab keluvchilar ko‘paydi – Markaziy bank biznes kayfiyati sharhini e’lon qildi

Tahlillar biznes muhiti birmuncha yaxshilanganini ko‘rsatmoqda. To‘liq faoliyat yurita olmagan tadbirkorlarning muammosi yoqilg‘i qimmatligi va xomashyo yetishmovchiligi bo‘lgan.

Foto: Markaziy bank

Markaziy bank 2022 yil II choragi bo‘yicha biznes kayfiyati sharhini e’lon qildi. Unda bir qancha ahamiyatli jihatni ko‘rish mumkin.

Respondentlar fikriga ko‘ra, respublikada 2022 yilning II choragida tadbirkorlik sharoitlari o‘tgan chorakka nisbatan birmuncha yaxshilandi. Bunda Toshkent shahri, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida biznes sharoitlari yaxshilanganini ta’kidlagan respondentlar ulushi o‘rtacha 53,5 foizni tashkil etib, avvalgi chorakka nisbatan sezilarli darajada o‘sish kuzatildi (I chorakda ushbu ko‘rsatkich 28 foizga teng bo‘lgan). 

Ushbu davrda ko‘plab sohalar, jumladan, qurilish, qishloq xo‘jaligi, savdo, turizm, umumiy ovqatlanish va tashish kabilarda mavsumiy faollik jonlangani kuzatildi.

Iqtisodiy faollik

2022 yilning II choragida energiya iste’moli ko‘payganini ta’kidlagan tadbirkorlar ulushi ortib, 43 foizni tashkil etdi (I chorakda 37 foiz). Yuk tashish hajmida ham o‘sish kuzatilgan bo‘lib, yuk tashish hajmi o‘sganini ta’kidlagan biznes vakillari ulushi 39 foizga teng bo‘ldi (I chorakda 30 foiz).

Chorak davomida to‘liq faoliyat yurita olmaganini qayd etgan respondentlar ulushi biroz qisqardi. Xususan, avvalgi chorakda so‘rovda qatnashgan jami tadbirkorlarning 30 foizi to‘liq faoliyat yurita olmaganini ta’kidlagan bo‘lsa, II chorakda ushbu ko‘rsatkich 24,5 foizgacha kamaydi. Bunda, to‘liq ishlamaslik sabablari sifatida yoqilg‘i narxlari qimmatligi va xomashyo materiallari yetishmasligi kabi omillar keltirilgan.

Bandlik

O‘rganilayotgan davrda tadbirkorlarning qo‘shimcha ishchi kuchiga bo‘lgan talabi jonlangani kuzatildi. Bunda, qurilish, umumiy ovqatlanish hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shimcha ishchi kuchiga bo‘lgan talab oshgan. Ayni paytda, ushbu davrda biznes vakillaridan ish so‘rab keluvchilar sonida ham o‘sish kuzatilgan. Xususan, ishlab chiqarish, fan-ta’lim, tibbiyot, qurilish va xizmat sohalarida ish qidiruvchilar soni ko‘paygan.

Pul-kredit 

I chorakda biznes vakillarining qariyb yarmi chorak davomida qarzdorligi ko‘payganini ta’kidlagan bo‘lsa, II chorakda ushbu ko‘rsatkich 40 foizni tashkil etdi.

Kutilmalar

Umuman olganda, biznes vakillarining yaqin istiqboldagi kutilmalari yaxshilanib bormoqda. Xususan, kelgusi 12 oy hamda yaqin 3 yilda mamlakat iqtisodiyoti hamda biznes istiqbollarini ijobiy baholagan ishtirokchilar ulushi o‘rtacha 66 foizni tashkil etdi (I chorakda 58 foizga teng).

Salbiy omillar

Tahlillar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida soliq ma’murchiligi, ma’muriy aralashuvlar hamda infratuzilma bilan bog‘liq muammolar ishbilarmonlik faoliyatiga salbiy ta’sir etuvchi omillar sifatida qaralgan.

Vodiy viloyatlarida esa haligacha mavjud monopol korxonalar, iste’mol va xomashyo tovarlarini import qilishdagi cheklovlar hamda bojxona tariflari yuqoriligi, shuningdek, logistika va infratuzilmadagi qiyinchiliklar tadbirkorlik faoliyatini cheklovchi omillardan ekani bildirildi.

Jizzax va Sirdaryoda esa gaz va elektr ta’minoti yomonlashishi, ma’muriy aralashuvlar, monopol korxonalar ko‘lami ortishi hamda yo‘llar infratuzilmasidagi muammolar salbiy omillar sifatida qaralgan.

Buxoro, Samarqand va Navoiyda soliq ma’murchiligi bilan bog‘liq masalalar, ma’muriy aralashuvlar ko‘payishi va kredit olishdagi muammolar tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir qiluvchi omillar sifatida keltirilgan.

Top