10:41 / 13.08.2022
9874
DXX o‘qishga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy holatlarga chek qo‘ydi

Andijondagi OTMga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytgan shaxs 10 ming dollar, Toshkentdagi oliygoh talabaligini va’da qilgan shaxs esa 5 ming dollar olgan vaqtida ushlandi. Bir-biridan alohida uchta holatda Tojikistondan o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirib berishni va’da qilganlar 3000, 2200 va 2000 ming dollar bilan ushlandi.

Illyustrativ foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy holatlarga chek qo‘yildi.

DXX Andijon viloyati boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon tumanida yashovchi shaxs mahalliy fuqaro ishonchiga kirib, qarindoshini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Andijondagi oliygohlardan biriga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 10 ming dollar olgan vaqtda ushlandi.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi shaxs firibgarlik yo‘li bilan mahalliy fuqarodan tanishini poytaxtdagi OTMlardan biriga o‘z tanishi orqali o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga 5 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur ishga aloqador bo‘lgan ushbu OTM xodimi ham 5 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, go‘yoki o‘zini Davlat test markazi xodimi deb tanishtirgan, Toshkent shahridagi universitetlardan biri magistranti fuqarodan uning Tojikistondagi institutlaridan birida ta’lim olayotgan qarindoshi o‘qishini Toshkent shahridagi OTMlardan biriga ko‘chirib berish evaziga 3 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bekobod shahar IJQK departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bekobod shahridagi MChJlardan biri ish boshqaruvchisi fuqarodan uning Tojikistondagi OTMlardan birida tahsil olayotgan qarindoshini Toshkent shahridagi universitetlardan biriga ko‘chirib berish evaziga 2200 dollar olgan vaqtida ushlandi.

Xuddi shunday, Bekobod tumanida yashovchi, hozirda Tojikistondagi universitetlardan birining talabasi mazkur oliygohdagi boshqa talaba o‘qishini O‘zbekistondagi OTMlardan biriga ko‘chirib berish evaziga 2 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksi tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

  • O‘tgan hafta Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departmenti yil boshidan beri OTMga o‘qishga kiritish bo‘yicha jinoyatlarda jami 384 mln so‘m va 457 ming dollar ushlab qolinganini ma’lum qilgandi.
  • Kuni kecha Vestminster universitetiga 10,2 ming dollar evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs ushlangan edi.
Top