10:12 / 25.08.2022
6136

“O‘zbekinvest” kompaniyasining moliyaviy ishonchliligi reytingi “uzA++” darajasida tasdiqlandi

“O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasi “Axbor-reyting” agentligidan milliy shkala bo‘yicha eng yuqori to‘lov qobiliyati reytingini oldi

Foto: O‘zbekinvest

Joriy yil avgust oyida “Axbor-Reyting” agentligi “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasiga milliy shkala bo‘yicha “Barqaror” prognozi bilan “uzA++” darajasida to‘lov qobiliyati reytingini berdi.

Belgilangan daraja milliy reyting shkalasi bo‘yicha sug‘urta kompaniyasining to‘lov qobiliyatining eng yuqori bahosi bo‘lib, o‘z majburiyatlarini hamda sug‘urta polisi egalarining talablarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarishda nodir qobiliyatga ega bo‘lgan kompaniyalarga beriladi.

Reyting agentligi reyting darajasiga ta’sir qiluvchi bir qator ijobiy omillarni qayd etdi:

- sug‘urta xizmatlarining keng hududiy qamrovi va assortimenti;

- biznesni kengaytirish ko‘rsatkichlarining ijobiy tendensiyasi;

- yuqori bozor ulushi va sug‘urta bozorida yetakchi o‘rni;

- hududlar bo‘yicha sug‘urta tushumlarining ijobiy diversifikatsiyasi;

- sug‘urta kompaniyasi biznes faolligining yuqoriligi va sug‘urta xizmatlari bozorining asosiy segmentlarini jadal qamrab olishi;

- zamonaviy axborot texnologiyalari va moliyaviy vositalarning faol joriy etilishi;

- yuqori darajadagi to‘lov qobiliyati;

- tajribali boshqaruv jamoasi.

 Agentlik ta’kidlashicha, 2021 yil davomida “O‘zbekinvest” aksiyadorlik jamiyati biznesining ko‘lami va faoliyati ko‘rsatkichlari barqaror sur’atlarda o‘sdi.

Kompaniyaning amaldagi shartnomalari soni 2020 yil yakunlariga nisbatan 117 foizga oshib, 939,1 mingtani tashkil qildi. Shundan 854,9 ming nafari jismoniy shaxslar bilan tuzilgan.

 “O‘zbekinvest” aksiyadorlik jamiyatining yig‘ilgan jami sug‘urta mukofotlari 2020 yilga nisbatan 147 foizga o‘sish bilan 382,8 milliard so‘mni tashkil etdi.

Kompaniyaning sug‘urta to‘lovlari 89,3 milliard so‘mni tashkil etdi,

bu esa 2020 yilning shu ko‘rsatkichidan 22,7 milliard so‘mga ko‘pdir, natijada kompaniyaning sug‘urta sohasi bo‘yicha to‘lovlar barcha hajmidagi ulushi

14,6 foizni tashkil etdi.

Barqaror o‘sish tendensiyasi 2022 yilda ham davom etdi. Joriy yilning

1-yarim yilligi yakunlari bo‘yicha “O‘zbekinvest” aksiyadorlik jamiyati biznes hajmini 167 foizga oshirgan holda, 240 milliard so‘mlik sug‘urta mukofotlari yalpi tushumini ta’minladi va milliy sug‘urta bozorida yetakchilik mavqeini mustahkamladi.

Tovar va xizmatlarning milliy eksportchilari 1,1 milliard AQSh dollari miqdorida sug‘urta himoyasi bilan ta’minlandi, bu O‘zbekiston noxomashyo eksportining 29 foizini tashkil etdi.

2022 yilning birinchi yarmida xalqaro sug‘urta va qayta sug‘urta bozorlarida sug‘urta operatsiyalarining jadal va barqaror rivojlantirilishi davom etdi. 149,6 milliard so‘m yoki 13,8 million dollar ekvivalentida yalpi qayta sug‘urta mukofotlari tushumi ta’minlandi, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 2,5 barobar ko‘pdir. Shu bilan birga, kompaniya sug‘urta portfelidagi sug‘urta xizmatlari eksportining ulushi 62 foizni tashkil yetdi.

Bu yo‘nalishda kompaniya AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya, Fransiya, Xitoy, Rossiya va boshqa mamlakatlarning yetakchi jahon sug‘urta va qayta sug‘urta kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi.

Xarakterli jihati shundaki, 2022 yil mart oyida kompaniyaning xalqaro kredit reytingi A.M. Best Company (AQSh) tomonidan yana bir bor “Barqaror” prognozi bilan “bb” darajasida tasdiqlandi. Natijada, “O‘zbekinvest”

eng yuqori reyting sohibi va O‘zbekistonda ushbu agentlikdan xalqaro reytingni olgan birinchi tashkilotga aylandi.

“O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasi respublikaning eksport salohiyatini rivojlantirish, tovar, ish va xizmatlar milliy eksportchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishni davom ettirmoqda.

Investorlar va investitsiya loyihalari, shu jumladan, erkin iqtisodiy, kichik sanoat va ixtisoslashtirilgan zonalar hududlarida sug‘urta qilish tadbirlari amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonning mahalla va aholi punktlarida "mahallabay" tizimi bo‘yicha ish tubdan kengaymoqda.

Shuningdek, kompaniyada biznes-jarayonlarini raqamlashtirishga tubdan o‘tish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda:

- mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun biometrik axborot tizimi – Face ID’ni joriy etish;

- elektron polislar mahsulotlari qatorini ko‘paytirish, shu jumladan, korporativ mijozlar segmenti uchun ham;

- chakana sotuvlar tarkibida elektron polislar (Ye-polis) ulushini 2022 yil oxiriga qadar 90 foizga yetkazish;

- sug‘urta to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha da’vo arizalarini onlayn taqdim etishning interaktiv tizimini ishlab chiqish;

- axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha infratuzilmani takomillashtirish.

“O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi AJ axborot xizmati Ⓣ

Top