O‘zbekiston | 08:00 / 16.09.2022
154446
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkent kinofestivalida mojaro: Nurgul Yashilchoy va Burak O‘zchivit sabab turk aktyorlari va elchixonasi vakillari tadbirni tark etdi

Toshkentda davom etayotgan “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalida jiddiy mojaro yuz berdi. Bu haqda kinoshunos jurnalist Shoxira Hamro o‘z Facebook sahifasida yozib qoldirgan.

“Hozirgina hayotiy saboqning eng kattasi ro‘y berdi. Yana qayerda deng? Turk kinosi kunlari o‘tayotgan Forumlar saroyi sahnasida! Yuzlab o‘zbek muxlislari ko‘z o‘ngida! Bizning “yulduzlar”ning ham ba’zilari zalda edi, zora ular uchun ham saboq bo‘lsa. Hozir bir boshidan gapirib beraman. Xullas, birinchi suratda ko‘rib turganingizdek, Turkiyadan tashrif buyurgan 9 ta aktyor sahnaga chiqib, hurmat saqlab tomoshabin bilan yuzma-yuz bo‘lishdi.

Lekin o‘zbek “burakshunoslari” va Yashilchoy muxlislari tadbirning yarmini ularni kutib, ko‘chada o‘tkazishganiga qaramasdan va sahnada boshlovchilar ikki qayta tantana bilan e’lon qilishsa-da, bu ikkisi chiqmadi. Va nihoyat Nurgul Yashilchoy sahnani bir burchagidan chiqib, o‘sha yerda qotdi. Hamyurt hamkasblariga bir qur nazar tashladi-yu, ikki qo‘lini ikki cho‘ntagiga solib, g‘oz turib oldi. Uzatilgan mikrofonni ham qo‘liga olishni ep ko‘rmay, boshlovchining qo‘lidagi mikrofonga egilib, salom, yaxshimisizlar” – dedi-yu, boshqa aktyorlar yoniga borib o‘tirmasdan, sahna ortiga o‘tib ketdi. Oybek Veysal o‘g‘li (tadbir boshlovchisi) to‘qqizta aktyor bilan birma-bir samimiy suhbat qildilar, lekin Yashilchoy qaytmadi. Burak-ku umuman ko‘rinmadi.

Ko‘nglimning bir chekkasidan “u shunchalik mashhurmikan, to‘qqizta hamkasbini mensimadiya” – degan fikr yilt etib o‘tdi. Bunday o‘ylagan bir men emas ekanligim keyinroq ma’lum bo‘ldi. Sahnadagilarni sovg‘a-salomlar bilan o‘rinlariga kuzatib qo‘yishgachgina Nurgul sahnaga chiqib keldi va uning boshiga boshlovchining boshidagi tojini kiydirib, endi shou boshlanayotgan edi, 58 yildan beri kino san’atiga halol xizmat qilib, sochi oqargan, o‘zining ta’biricha “podshodan qulgacha” barcha rollarni o‘ynagan Sardor Gyokxan sahnaga otilib chiqdi-yu, mikrofonni olib “tomoshamizni buzdi deb mendan xafa bo‘lmanglar. Ming afsus, mana bu oyog‘i yerdan uzilgan ikki hamkasbimiz sahnada biz bilan birga o‘tirishdan or qildi, aslida ular bizning safimizda bo‘lishga noloyiq. Siz odamning qiyofasiga qarab baho bermang, uning kimligini xatti-harakatlari bildirib turadi. Biz ortiq bu ikkisining ahmoqona tomoshasini ko‘rib, haqoratni jimgina yutib keta olmaymiz. Biz bu yerni hoziroq tark etamiz” – dedi-yu, to‘qqiz turk ijodkor zalni tark etdi”, – deb yozadi jurnalist.

Sardor Gyokxan

Shoxira Hamroga ko‘ra, Sardor Gyokxanning tanqidlari va aktyorlarning tadbirni tark etishi ortidan Turkiya elchixonasi vakillari ham festivaldan chiqib ketishgan.

Aktrisa Nurgul Yashilchoy

“Shu bilan bugungi tadbirning fayzini ham olib ketishdi. Yashilchoy ham ortiq zalda qola olmadi”, – deya xabariga yakun yasagan jurnalist.

Post ostida esa qator foydalanuvchilar festivalda ro‘y bergan shu holat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishmoqda.

“Nega bular maynabozchilik qilishdi? O‘zbekistonning ular uchun sarflagan “dollarlari” nima bo‘ldi?” – deya savol qo‘yadi Mehribon Qurbonniyozova ismli foydalanuvchi.

Tarmoqning boshqa bir foydalanuvchisi Fozil Farhod voqeada asosiy aybdor sifatida tashkilotchilarni tanqid qilgan.

“Hamma ayb tashkilotchilarda. Birinchidan, Nurgul bilan Burakni pulga olib kelgan biznikilar. 9 tasi bepul kelgani aniq. Ikkinchidan, ikkisini sigirga o‘xshatib, bir to‘da soqchi yetaklab yuribdi. Ular qayerga sudrasa, bular ketyapti. Kechayam bu ikkisining kelishi-yu, ketishi juda xunuk ko‘ringandi”, deb yozdi u.

Izoh qoldirgan foydalanuvchilardan yana biri “Nellie Fleur” turk ijodkorlarining o‘zini bunday tutishiga ularning orqasidan tinmay yugurgilayotgan o‘zbek tomoshabinini aybdor sifatida ko‘rsatadi.

“O‘zi Yashilchoy nomiga yarasha aynib turadi. Rollarida qanday bo‘lsa hayotda ham qo‘rs, dimog‘dor ekan. Burak ham o‘zbek muxlislari ko‘paygani sari g‘o‘ddayib ketdi.

O‘zbeklarimiz yulduzlar ketidan kamroq yugurishsin, shu saboq bo‘lsin. Hech bir yurtda o‘zini bunchalik sharmanda qilib artistlar ortidan yugurishmaydi. Masalan, Doktor Albanni metroda ko‘p ko‘rardim, oddiy insonlar kabi yuradi. Hech kim oldiga borib unga yopishmagan, e’tibor ham berishmaydi. 

Turklar mard, chapani bo‘lishadi, yaxshi qilishibdi. Xalqaro festivaldagi holat xalqimiz uchun uyat”, – deya postini yakunlaydi u.

Post ostida bloger Shahnoza Soatova ham o‘z fikrlarini yozib qoldirgan. U o‘z izohida ikki aktyorga to‘langan gonorar pullari qaytarilishini talab qilgan.

“Falon pul gonorar berib bularni chaqir, bular esa haddini bilmay, birovning shunday bayramini rasvo qilishsin. Gonorarni jarimalari bilan qaytarishsin, ma’naviy zararlari bilan. Shuncha tomoshabin bir tiyinmi? – yozadi Soatova.

Shuningdek, post ostida izoh qoldirgan boshqa ko‘plab foydalanuvchilar ham xorijdan biror aktyor kelsa, ortidan yugurgilab ketaveradigan, yopishaveradigan, qadrini bilmaydigan insonlarni ayblab tanqid qilgan.

Xalqaro festival tashkilotchilari holat yuzasidan hali izoh bergani yo‘q.

Mavzuga oid