10:54 / 26.09.2022
3703

Samarqanddagi “Afrosiyob” sport majmuasida o‘tkazilgan yengil atletika bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida bugun O‘zbekistonda yengil atletika sport turiga alohida e’tibor berilmoqda. Sportchilar uchun barcha sharoitlar yaratilib, ular xalqaro musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallashmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

2022 yilning 24-25 sentabr kunlari Samarqand shahridagi “Afrosiyob” sport arenasida yengil atletika bo‘yicha IV Markaziy Osiyo chempionatining o‘tkazilishi ham fikrimiz isbotidir. Ta’kidlash kerakki, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2004 yilda “Universiada-2004” Respublika talabalar sport o‘yinlarini o‘tkazish uchun qurilgan arena, Butunjahon yengil atletika assotsiatsiyasi talablariga binoan xalqaro turnirlar o‘tkazish uchun to‘liq rekonstruksiya qilindi.  

Samarqand shahri o‘z tarixida birinchi marotaba Yengil atletika bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Xalqaro musobaqalarda ishtirok etish uchun 300 dan ortiq sportchilar tashrif buyurishdi va bu chempionat yengil atletika mavsumining yakunida har bir sportchiga o‘z shaxsiy reytingini va ishtirok natijalarini sarhisob qilishga imkoniyat berdi.

Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Markaziy Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi, Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu turnirning tantanali ochilish marosimida, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi – O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi rahbari Mehriddin Abdullayev musobaqa ishtirokchilari va mehmonlariga tabrik yo‘llab, barcha qatnashchilarga omad tiladi.

Xalqaro musobaqa doirasida yengil atletikaning 41 ta yo‘nalishi bo‘yicha 56 ta medallar jamlanmasi o‘ynaladi. Sportchilar asosiy yugurish yo‘nalishlari bo‘yicha ham, texnik yo‘nalishlarda ham – balandlikka sakrash, langar cho‘p bilan sakrash, uzunlikka sakrash, uch xatlab sakrash, disk uloqtirish, bosqon uloqtirish, yadro irg‘itish, nayza uloqtirish bo‘yicha bellashishdi.

Yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi vakillari deyarli barcha yo‘nalishlarda ishtirok etdi. Joriy yilning avgust oyida Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan Sharifa Davronova, Anvar Anvarov, Suhrob Xodjayev, Farida Soliyeva, Nargiza Qo‘chqorova va Roksana Xudoyarova ham o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rishdi. 

Ayollar o‘rtasidagi bosqon uloqtirish bahslarida Zarina Nosirjonova, erkaklar o‘rtasidagi balandlikka sakrashda Amir Nagayev, tayanib sakrashda Hayitali Po‘latov birinchi o‘rinni egallashdi.

Ayollar o‘rtasida 800 metrga yugurish bellashuvida malayziyalik Savinder Kaur, erkak o‘rtasidagi esa qirg‘izistonlik Musulmon Jolomanov, erkaklar o‘rtasida 200 metr masofaga yugurishda tojikistonlik Favoris Muzrapov, ayollar o‘rtasida esa hamyurtimiz Laylo Allaberganova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Turnirdagi barcha yo‘nalishlardagi bahslar keskin kurashlarga boy bo‘ldi. Markaziy Osiyo ochiq chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari umumiy hisobda 25 ta oltin, 27 ta kumush va 27 ta bronza medallarni qo‘lga kiritib umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashdi.

Umumjamoa hisobida Turkmaniston terma jamoasi 2-o‘rinni, Qirg‘iziston terma jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi. Tojikiston va Malayziya terma jamoalari a’zolari 3 tadan oltin medal, Qozog‘iston va Tailand terma jamoalari a’zolari esa 2 tadan oltin medalni qo‘lga kiritishdi.

Ushbu turnirda U18 bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, andijonlik 17 yoshli Dilshoda Usmonova U18 va U20 yosh toifalaridagi O‘zbekiston rekordini yangiladi. 3000 (uch ming) metr masofaga 10:40,46 daqiqada marraga yetib kelgan sportchimiz 0,06 soniyaga avvalgi, ya’ni 2022 yil 28 may kuni Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogidagi rekordini yangiladi. 

Murosasiz bellashuvlarga boy bo‘lgan va uch kun mobaynida qizg‘in tarzda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo ochiq chempionati yakunlandi.

Turnirning yopilish marosimida Markaziy Osiyo Yengil atletika federatsiyasi rahbari Dilshod Nazarov zamonaviy sport anjomlari, barcha talablarga javob beradigan yugurish yo‘lakchalariga ega bo‘lgan “Afrosiyob” arenasida Osiyo chempionati va xalqaro musobaqalar o‘tkazish imkoniga ega bo‘lganini alohida ta’kidladi.

 

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 13-16 oktabr kunlari Kuvaytda yengil atletika bo‘yicha U18 Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi va O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari to‘liq tarkib bilan ishtirok etishadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati 

Top