12:49 / 21.10.2022
3368

Multiindikator klaster kuzatuvlari dastlabki natijalari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi

Multiindikator klaster kuzatuvlari - YUNISEF tomonidan ishlab chiqilgan uy xo‘jaliklarining tanlanma kuzatuvi xalqaro dasturi bo‘lib, asosan bolalar va ayollar holatini baholash maqsadida ko‘p ko‘rsatkichli ma’lumotlarni to‘playdi.

Foto: Senat.uz

20 oktabr kuni Toshkentda Davlat statistika qo‘mitasi hamda BMT Xalqaro bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida o‘tkazilgan «Multiindikator klaster kuzatuvlari» (MKK) dastlabki natijalari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

MKK 1995 yildan boshlab butun dunyo mamlakatlari o‘rtasida 118 ta davlatda o‘tkazilgan. Ushbu kuzatuvlarda ona va bola salomatligi, ayollarning reproduktiv salomatligi, bolalar huquqlari va ularning ta’lim olish darajasi, bolalarning sog‘lom va jismoniy rivojlanishi kabi muhim statistik ko‘rsatkichlar jamlanadi.

Taqdimotda qutlov so‘zi bilan ishtirok etgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva MKK asosida bolalar, yoshlar va ayollar to‘g‘risida chuqur o‘rganilgan ma’lumotlarga ega bo‘lish, hukumatga aholining ushbu guruhlari ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan maqsadli dasturlarni ishlab chiqishda nihoyatda muhimligini ta’kidlab, ushbu ma’lumotlar qonunchilikni takomillashtirish va ijtimoiy siyosat borasidagi islohotlarni yanada samarali amalga oshirish imkonini yaratishiga alohida urg‘u berdi.

Jumladan, mazkur kuzatuvlar natijalari milliy budjet investitsiyalarini maqsadli yo‘naltirish, shuningdek, bolalar manfaatlariga salbiy ta’sir qiladigan omillarning tub ildiz sabablarini aniqlash va hal qilish imkonini beruvchi dasturlarni ishlab chiqish hamda ularni oqilona baholashga xizmat qilishini aytdi.

Tadbir davomida ta’kidlanishicha, MKK natijalari oxirgi yillarda O‘zbekistonda bolalar va ayollar bilan bog‘liq holatning barqaror o‘sish trayektoriyasini ko‘rsatmoqda. Xususan, bolalar o‘limi kamayib bormoqda, maktabgacha ta’lim ko‘rsatkichlari keskin oshgan, bolalar salomatligi va ta’limi sohasida xizmatlar deyarli barcha joyda ta’minlanmoqda. Masalan, 2-4 yoshdagi bolalarning 96 foizi salomatlik, o‘qish va psixo-ijtimoiy farovonlik nuqtai nazaridan normal rivojlanishga ega. Bu mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan alohida aytilishicha, multiindikator klaster kuzatuvlari mamlakatda muhim strategik ijtimoiy-iqtisodiy qarorlarni qabul qilishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi. Xususan, kuzatuv natijalari bo‘yicha berilgan takliflar qonunchilikda, prezident va hukumat darajasidagi qarorlarda o‘zining amaliy natijasini topadi. 

Tadbir yakunida multiindikator klaster kuzatuvlarini olib borish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, faol fuqarolar va ommaviy axborot vositalarining o‘rni muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi va bu borada konstruktiv muloqot va o‘zaro samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishildi.

Top