Narxlar arzonlashishi mumkinmi?

Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizgacha tushirilishi, albatta, biznes va aholi uchun ijobiy signal. Bu, ideal sharoitda, nazariy jihatdan, yaratilayotgan har bir mahsulot xarajatlari 3 foizga arzonlashayotganini bildiradi. Ammo real holatda narxlar pasayishi mumkinmi?

Birinchidan, soliqlar pasaytirilishi erkin raqobat sharoitidagina narxlar tushishiga olib keladi. Ya’ni bozorda mahsulot yetkazib beruvchi ishtirokchilar qanchalik ko‘p bo‘lsa, kimdir kamroq foydaga rozi bo‘lib, narxlarni bosqichma-bosqich tushirishni boshlashi mumkin. Bu esa qolgan yetkazib beruvchilar uchun ham narxlarni arzonlashtirish uchun signal beradi.

Raqobatli bo‘lmagan, monopollashgan bozorlarda esa soliq yuki kamayishi sotuvchi va vositachilar marjinalligini oshirishgagina xizmat qiladi, xolos. Birgina misol, UzAuto Motors sotuvlar boshlangan paytda Chevrolet Onix narxlarini QQSsiz keltirib o‘tgandi. Vaholanki, xaridorlar shartnoma tuzayotganida 15 foizlik QQSni to‘lashi shart. Biroq 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ining 15 foizdan 12 foizga tushishi fonida kompaniya sotuvdagi avtomobillari narxini arzonlashtirgani yo‘q. Yoki O‘zbekiston havo yo‘llari va O‘zbekiston temiryo‘llari chiptalari narxini tushirmadi.

Taklif cheklangan bozorlarda kompaniyalar QQS stavkalarining o‘zgarishiga asimmetrik tarzda javob berishga moyil bo‘ladi. QQSning pasayishiga javoban ular o‘z narxlarini pasaytirmaydi, lekin QQS stavkasi ko‘tarilsa, narxlarni sezilarli darajada oshiradi. Bu yerda noelastik talab tufayli soliq yuki kamayishidan faqatgina ishlab chiqaruvchi foyda ko‘radi. Ushbu holatda soliqlar pasayishining birdan bir ta’siri budjet kamomadidagina namoyon bo‘ladi.

Ikkinchidan, QQS pasayishi narxlar o‘sishini sekinlashtirishi, talabni oshirishi va bozor faolligini rag‘batlantirishi ham mumkin. Bu daromad effekti bilan bog‘liq. Xususan, QQS pasayishi iste’molchilar daromadi oshishiga olib kelsa va ushbu mablag‘lar qo‘shimcha xaridlarni amalga oshirishga yo‘naltirilsa, bu iqtisodiy faollikni rag‘batlantiradi.

Agar narxlar pasayishi iste’molchilarga sezilmasa, ishlab chiqarish va bandlik sezilarli darajada o‘smaydi. Davlat raqobatli biznes muhitini qo‘llash orqali nafaqat tadbirkorlarni, balki butun mamlakat aholisini ijtimoiy himoya qilayotgan bo‘ladi. Narxlar pasayishi aholining to‘lov qobiliyatini oshiradi, bu savdo, o‘z navbatida, budjetga tushumlar ham ko‘payishiga olib kelishi kerak. Ya’ni soliq stavkasini pasaytirish orqali davlat aslida, tadbirkor foydasiga qandaydir summadan voz kechmaydi. Aksincha, shunday qarorlar orqali tadbirkorlikni rivojlantirishni ko‘zda tutadi va shu tariqa budjetga tushumlar oshishidan umid qiladi.