Joriy yilgi qabuldan boshlab maktab bitiruvchilarining oxirgi 6 yillikdagi baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi kirish imtihonlarida to‘plagan balliga qo‘shiladi. Ya’ni bitiruvchining maktabdagi bahosi unga o‘qishga kirishda yordam beradi.

Tartib qanaqa?

Tegishli nizomga ko‘ra, bitiruvchilar bahosining o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblashda 6 — 11-sinflardagi yillik baholarning umumiy yig‘indisi har bir sinfdagi o‘qitilgan fanlar sonining umumiy yig‘indisiga nisbati olinadi.

Ya’ni a’lochi bitiruvchi 86 foizdan yuqori to‘plagan bo‘lsa, unga kirish imtihonlarida 5 ball, qoniqarsiz baholarga o‘qigan abituriyentga esa 3 ball qo‘shiladi. Ularning ballari o‘rtasidagi farq katta emas.

Har yili 15 iyungacha tarkibida ta’lim muassasalari bor vazirlik va tashkilotlar bitiruvchilarining 6 yillik baholarini tayyorlab, uni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga kiritib borishadi. Platformaga kiritib bo‘lingan baholar qat’iy va ularni o‘zgartirib bo‘lmaydi. 

Maktab va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari (kollej, litsey) 15 iyungacha o‘z bitiruvchilarining baholarini hisoblab, uni elektron platformaga kiritishadi. Tegishli nizomda baholar qanday hisoblanishi formulalari ham mavjud.

Kiritilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun taalluqliligi bo‘yicha ta’limni boshqaruvchi hududiy boshqarma boshliqlari shaxsan mas’ul hisoblanadi.

Abituriyent majburiyati

Abituriyent OTMga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tayotgan payti shaxsiy ma’lumotlarini kiritganda uning diplomi yoki shahodatnomasidagi o‘rtacha baholar ko‘rsatkichi paydo bo‘ladi.

Abituriyent bu bahoni o‘zining qo‘lidagi diplom yoki shahodatnomadagi baho bilan solishtirib, hammasi to‘g‘ri bo‘lsa, tasdiqlash tugmasini bosadi. To tasdiq tugmasi bosilmaguncha unga imtihonda qatnashish uchun ruxsatnoma berilmaydi.

Bahoda xatolik bo‘lsa-chi?

Agar abituriyentning hujjat topshirayotganda platformada tasdiqlashi kerak bo‘lgan o‘rtacha bahosi bilan diplom yo shahodatnomasidagi baho farq qilsa, u o‘ziga tegishli hududiy boshqarmaga (masalan, maktabda o‘qisa, Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligining hududiy boshqarmasiga, o‘rta maxsus ta’lim tashkilotida bo‘lsa, ayni shunga aloqador boshqarmaga) murojaat qiladi. Hududiy boshqarmalar bahoni to‘g‘rilaydi va abituriyent uni tasdiqlaydi. Abituriyent tasdiqlagach, uning o‘zi bahosi uchun javobgar bo‘ladi.