O‘zbekiston | 18:16 / 26.05.2023
10516
2 daqiqa o‘qiladi

Maktabdagi baholar OTMga kirish imtihonlarida hisobga olinishi bo‘yicha tartib qayta ko‘rib chiqilyapti – BMBA

Maktab baholarini OTMlarga kirish imtihonlarida hisobga olish to‘g‘risidagi qarorga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. Mas’ullarga ko‘ra, ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan holatlar yuzaga kelgan.

Foto: Norma.uz

Maktabda olingan o‘rtacha baholarni kirish imtihonlarida hisobga olish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan va bu tartib 2023 yilgi qabuldan amalga oshirilishi kerak edi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan qabul masalalariga bag‘ishlangan audiochatda ma’lum qilinishicha, bu tartib qayta ko‘rib chiqilyapti.

“Chunki bu qaror bo‘yicha ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan ayrim holatlar yuzaga kelyapti. Bu tartib amalga kiritilmaydi deb to‘liq aytolmaymiz. Hali o‘zgarishlar qanday bo‘lishini to‘liq bilmaymiz. Tegishli tartibga o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng ma’lumot bersak to‘g‘riroq bo‘lardi”, dedi Bilim va malakalarni baholash agentligi xodimi Jamshid Odilov.

Qo‘shimcha qilinishicha, bu bo‘yicha yaqin orada to‘liq ma’lumot beriladi.

Shuningdek, kirish imtihonlarida tushadigan savollarning darajasi qanday bo‘lishi haqida ham ma’lumot berildi.

Unga ko‘ra, yengil va qiyin darajadagi savollar bitta variantda 15 foizdan 25 foizgacha bo‘lishi mumkin. O‘rta qiyinlikdagi savollar esa bitta variantda 50 foizdan 70 foizgacha nisbatda bo‘ladi.

 

Mavzuga oid