Fan-texnika | 10:15 / 10.07.2023
78524
6 daqiqa o‘qiladi

Noutbuklar tarixi: nega bunday qurilmalar tez ommalashib ketgandi?

Noutbuklar bugungi kunda eng katta ko‘makchi ish qurollaridan biri. Ularning ixchamligi, ko‘tarib yurish osonligi, foydalanish qulayligi asosiy xususiyatlaridir. Hozirgi qurilmalarning ajdodlari katta, noqulay va o‘ta kichik xotirali bo‘lgan. Chunki o‘sha paytdagi texnika taraqqiyoti shunga mos edi. Xo‘sh, noutbuklarning yaratilish tarixi o‘zi qanday bo‘lgan?

Dastlabki tashabbus

Bloknot o‘lchamidagi ixcham kompyuterlar yaratish tashabbusi 1968 yilda Xerox firmasi laboratoriyasi rahbari Alan Keydan chiqqan. Lekin Keyga jahondagi ilk noutbukni yaratish nasib etmaydi.

Foto: Alan Key

Ilk qurilmani yasash Grid System kompaniyasi ishchisi Vilyam Mogridjga nasib qiladi. U 1982 yilda NASAning buyurtmasi bilan bu ishni amalga oshiradi.

Ilk noutbuk(8 MGs, Intel 8086 protsessorli)ning operativ xotirasi bor-yo‘g‘i 340 kilobaytni tashkil qilardi. Ammo qirq yil avvalgi davr uchun bu katta gap edi.

Foto: Astronavt va Grid Compass

Birinchi noutbukka Grid Compass deya nom berildi. Uning og‘irligi naq besh kilocha kelardi, qurilmada yana qattiq disk va disketa ham mavjud bo‘lgan. Noutbukka o‘zining GRiD O/S operatsion sistemasi o‘rnatilgan. Qurilmaning dasturiy ta’minoti 8-10 ming dollargacha mablag‘ talab qilgan, asosiy buyurtmachi AQSh hukumati edi. NASA ham o‘z izlanishlarida undan foydalangan. Shuningdek, AQSh maxsus kuchlari ham Grid Compass qurilmasidan keng foydalangan.

Garchi birinchi noutbuk bo‘lsada, hozirda uning nomi va ishlab chiqaruvchilarini ko‘p ham eslashmaydi. Grid Compass ham kelajakda ko‘pchilikning tanloviga aylangan brend bo‘la olmadi.

Adam Osbornning qurilmasi

Keng ommaga mo‘ljallangan ilk noutbuk muallifi Adam Osborn sanaladi. U Osborne 1 deya nomlangan. Uning og‘irligi naq 11 kilogramm kelar, operativ xotirasi esa 64 kbni tashkil qilgan.

Foto: Osborne 1

Qurilma ikkita 5,25 dyuymli drayverlar, uchta port, jumladan, modem ulanishi, monoxrom displeyni o‘z ichiga oladi.

Osborne 1 1981 yilda 1795 dollarga baholangan. Bu o‘sha davr uchun anchagina qimmat narx edi. Afsuski, Osborne Vixen rusumi reklamasi marketing xatosi tufayli ancha ilgari e’lon qilib yuborildi, bu Osborne 1 savdosiga katta zarba berdi va kompaniya tanazzulga uchradi.

1982 yilda Epson kompaniyasi ilk suyuq kristal displeyli noutbukni taqdim etdi. Epson HX-20 qulay o‘lcham va yengillik bo‘yicha boshqalardan ancha ustunligi sabab mashhurlikka erishdi. Uning og‘irligi bor-yo‘g‘i 1,6 kilogramm kelardi.

BusinessWeek jurnali ushbu qurilmalarni "shaxsiy kompyuterlar tarixidagi to‘rtinchi inqilob" deya ta’riflagandi. Kompyuterlarning bir quvvatlashdan so‘ng ishlash vaqti 50 soatgacha yetardi. Epson HX-20ning operativ xotirasi 64 kbgacha bo‘lgan.

Xuddi shu vaqtda IBM o‘z noutbukining versiyasini ommaga taqdim etdi va aynan IBM PC bu sohada de-fakto standartga aylandi. Ikki yil o‘tib, yana ikkita kompyuter giganti Compaq va Toshiba poygaga qo‘shilib, qurilmalarni takomillashtirishga hissa qo‘shdilar. LCD monitorli birinchi shaxsiy noutbuk 1984 yilda paydo bo‘lgan va u asta-sekin o‘sib borayotgan Apple tomonidan yaratilgan.

1990 yilda noutbuklar uchun katta yangilik bo‘ldi: Intel mobil shaxsiy kompyuterlar uchun birinchi maxsus protsessor Intel 386CL’ni taqdim etdi va batareyaning ishlash muddatini oshiruvchi, kuchlanishni kamaytiruvchi texnologiyani amalga kiritdi.

Nega noutbuklar mashhur bo‘lib ketdi?

Noutbuklarning hayotga shiddat bilan kirib kelishi va ommalashishiga sabab bo‘lgan bir necha omillar mavjud edi, jumladan:

* kichik o‘lchamlar;

* yuqori tezlikdagi ishlash sifati;

* yengil va ko‘tarib yurishga qulayligi;

* elektr tarmog‘idan uzib, akkumlyator yordamida ishlatish funksiyasi.

Lekin ularning (hozirda ham) ma’lum bir kamchiliklari bor edi, natijada bu omillar ayrim foydalanuvchilarni stol kompyuterlari sotib olishga undaydi. Jumladan: modernizatsiyaning cheklangani. Ko‘p noutbuklarda stol kompyuterlari kabi operativ xotira, videokarta va sovutish tizimi mukammal bo‘lmaydi, tezroq buziladi.

Bundan tashqari, noutbuklarni ta’mirlash qiyinroq, ko‘tarib yurish qulay bo‘lganidan tashqari, ularni o‘g‘irlatish yoki yo‘qotib qo‘yish juda oson.

Hozir noutbuk bozorida nima gap?

Hozirda ham noutbuklar talabgir mahsulot sanaladi. Garchi smartfonlar evolyutsiyasi ushbu qurilmalarga ham zarba berayotgan bo‘lsa-da, dasturchilar, ofis xizmatchilari va oddiy ishchilar har doim noutbuklarga ehtiyoj sezadi.

Jumladan, 2022 yil davomida jahonda 286 million dona noutbuk sotilgan. Bu 2021 yilga nisbatan 16,2 foizga pastdir. Buning ham o‘ziga yarasha sababi bor – pandemiya avjiga chiqqan 2021 yilda onlayn ishlash ommalashib, noutbuklarga talab keskin oshib ketgandi.

Eng xaridorgir noutbuklar ishlab chiqaruvchisi Xitoyning Lenovo kompaniyasi sanaladi. Ushbu kompaniyaga umumiy bozorning 24,1 foizi to‘g‘ri keladi. 2022 yilda Lenovo 69 million dona mahsulot sotishga muvaffaq bo‘lgan. Ikkinchi pog‘onani 55,6 million dona bilan HP savdo belgisi egallagan. Birgina Hindiston bozorida noutbuklar hissasi bir yilda 5,5 milliard dollarni tashkil etgan.

Abror Zohidov  tayyorladi

Mavzuga oid