4 sentabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan Erdo‘g‘an va Putin uchrashuvi dunyo siyosiy hamjamiyatining e’tibor markazida bo‘ldi. Lekin uchrashuvda ko‘zlangan natijaga erishilmadi va Rossiyaning don bitimiga qaytishi hozircha amalga oshmadi. Kun.uz muxbiri uchrashuvning muhim nuqtalari haqida siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimovga yuzlandi.
— Turkiya va Rossiya prezidentlarining o‘zaro uchrashuvi avvaliga Istanbulda o‘tishi aytilgan edi, lekin davlat rahbarlari Sochida uchrashdi. Buning sababi nima?
Farhod Tolipov: Siyosatda mayda ikir-chikirlar ham ramziy ma’noga ega. Bu o‘zgarishda ham qanaqadir ma’no bordir, degan taxmin qilish mumkin. Faqat taxmin bo‘ladi, chunki bu haqida aniq bayonot yoki izohlar bo‘lmadi. Rossiya bilan bo‘ladigan har qanday jarayonni xohlaymizmi-yo‘qmi, Ukrainadagi urush bilan bog‘laymiz. Asosiy kontekst shunda. Xulosalar shunga qaratiladi.
Menimcha, uchrashuv Turkiya prezidenti tashabbusi bilan bo‘ldi. Qo‘yilgan masala ham Erdo‘g‘an vositachilik qilgan don bitimiga bog‘liq. Erdo‘g‘an masala hal bo‘lishi uchun o‘zi Rossiyaga borishga tayyorligini ko‘rsatgandir ehtimol. Yana bir taxmin: Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi tomonidan chiqarilgan Putinni hibsga olish orderidir. To‘g‘ri, Turkiya bu sudning qarorlarini qabul qilish bo‘yicha hujjatni ratifikatsiya qilmagan. Lekin boshqalardan ajralib, bemalol kelaveringlar, bizda majburiyat yo‘q, desa ham unchalik to‘g‘ri bo‘lmasdi, balki. Turkiyaning xalqaro imijiga ham ta’sir qilardi.
Kamoliddin Rabbimov: Nazarimda, kontekstni saylov davridan boshlashimiz kerak. Turkiyadagi saylovlar paytida rus propagandasi va Kreml to‘laqonli Erdo‘g‘an tarafida bo‘ldi. Ya’ni Qilichdor o‘g‘li hokimiyat tepasiga kelsa, Turkiya to‘laqonli YeI va AQSh tomoniga o‘tib ketishi, natijada Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi kelishuvlar puchga chiqishi mumkin edi. Putin ko‘p qutbli dunyo shakllantirish va Vashington ta’sirini pasaytirishda Erdo‘g‘anni o‘ziga hamfikr deb bilar edi.
Saylovdan keyin esa kutilmaganda Erdo‘g‘an Ukraina manfaatlari yo‘lida bir necha qadamlar tashladi. Bu harakatlar Rossiya manfaatlariga zid bo‘ldi, albatta.
- Kelishuvga ko‘ra, “Azov” zobitlari Turkiyada ushlab turilishi kerak edi, ammo Ukrainaga qaytarildi.
- Erdo‘g‘an Turkiya Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.













