Hongkong ma’muriyati rahbari Jon Li 26 oktyabr kuni yillik siyosiy hisobotida 2026 yilgacha har bir tug‘ilgan farzand uchun ota-onalarga 2 ming 556 AQSh dollari miqdorida pul to‘lanishini ta’kidladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hongkongda tug‘ilish ko‘rsatkichlari ancha pastga tushib ketgan. Aholi barqarorligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tug‘ilish koeffitsiyenti 2,1 nafardan to‘g‘ri kelsa, Hongkongda bu bilan bog‘liq raqamlar rekord darajaga tushib ketgan. Masalan, hududda har bir ayolga tug‘ilish 0,9 nafardan to‘g‘ri kelmoqda.
Jon Li uy sotib oluvchilar uchun davlat bojini 15% dan 7,5% gacha kamaytirish haqidagi bir qator moliyaviy choralarni e’lon qilgan. Bu choralar har bir farzandi va yangi chaqaloqlar uchun yillik soliq imtiyozlarini oladigan yosh ota-onalarga yanayam qulaylik bo‘lishi kutilmoqda. Bu yordamlar o‘ta saxiylik bo‘lib ko‘rinsa-da, tug‘ilish pasayib borishi bilan kurashayotgan Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi imtiyozlardan farq qiladi.
Masalan, tug‘ilish koeffitsiyenti 1,05 bo‘lgan Singapurda birinchi va ikkinchi farzand uchun 8 ming 36 AQSh dollari, uchinchi farzand uchun 9 ming 497 AQSh dollari miqdorida nafaqa beriladi. Shuningdek, farzand dunyoga kelgach otalar uchun to‘rt haftalik, homilador ayollar uchun 16 haftagacha ta’til belgilangan. Qolaversa, ota-onalik uchun haq to‘lanmaydigan ta’til va ishlaydigan onalarga soliq imtiyozlari berilishi ham bor.
Tug‘ilish koeffitsiyenti 0,78 bo‘lgan Janubiy Koreya hozirda bola bir yoshga to‘lgunga qadar oyiga 518 dollar ajratadi, kelgusi yilda bu ko‘rsatkich 740 dollarga ko‘tarilishi kutilmoqda.
Yaponiyada tug‘ilish koeffitsiyenti 1,3. Shu sabab yapon ota-onalar har bir yangi tug‘ilgan chaqaloq uchun ikki yoshga to‘lgunga qadar oyiga 107 dollar miqdorida nafaqa oladi. Uch yoshdan o‘rta maktabgacha bo‘lgan har bir bola uchun oyiga 66,7 dollar beriladi.
Beriladigan bir martalik pul hech narsani qoplamaydi
CNN bilan suhbatlashgan aksariyat ota-onalarning aytishicha, farzand ko‘rishga undashga qaratilgan bu kabi choralar Osiyoning eng qimmat shaharlari ro‘yxatida turgan Hongkong uchun yetarli bo‘lmaydi. Boisi narxlar haqiqatan ham yuqori.

















