Iqtisodiyot | 15:28 / 23.01.2024
38432
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning tashqi savdosi: asosiy tendensiyalar

2023 yilda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida Xitoy va Rossiyaning ulushi 38 foizga yetdi, qo‘shni mamlakatlarning ulushi esa 17 foizdan 13 foizgacha qisqardi. Yil davomida oltinsiz eksport atigi 4,5 foizga o‘sdi va mutlaq rekord miqdorda – 8,2 mlrd dollarlik oltin sotildi. Gaz eksporti qariyb ikki barobarga qisqardi.

Foto: Kun.uz

2023 yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2022 yilga nisbatan 23,9 foizga oshib, 62,5 mlrd dollarga yetgan. Shundan 24,4 mlrd dollarlik savdoni eksport, 38,1 mlrd dollarlik savdoni esa import tashkil etgan. Tegishli ma’lumotlarni Statistika agentligi ma’lum qildi.

2022 yilga taqqoslaganda, eksport hajmi 23,8 foizga, import hajmi 24,0 foizga oshgan.

Tashqi savdo manfiy saldosi 2,7 mlrd dollarga oshib, 13,7 mlrd dollarga yetgan.

Xitoy va Rossiyaga bog‘liqlik kuchaygan

2023 yilda ham Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi bo‘ldi. Hisobot davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 13,7 mlrd dollarga yetgan. Bu – respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 21,9 foizini tashkil qiladi.

Shuningdek, tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Rossiya (15,8 foiz), Qozog‘iston (7 foiz), Turkiya (5 foiz) va Janubiy Koreya (3,7 foiz) bilan qayd etilgan.

O‘tgan yil tashqi savdoda Xitoy va Rossiyaning birgalikdagi ulushi 37,7 foizga yetgan. Solishtirish uchun, bu ikki davlatga qaramlik darajasi oxirgi to‘rt yil ichida faqat oshib bormoqda:

  • 2020 yil 33,2 foiz;
  • 2021 yil 35,5 foiz;
  • 2022 yil 36,4 foiz.

E’tiborli jihati, O‘zbekistonga chegaradosh mamlakatlarning (Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston) umumiy savdo hajmidagi ulushi 2022 yildagi 8 mlrd 24 mln dollardan 2023 yilda 8 mlrd 70 mln dollargacha yoki 16,5 foizdan 12,8 foizgacha qisqargan.

2023 yil O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan top-10 davlat:

  • Xitoy – 13,7 mlrd dollar;
  • Rossiya – 9,8 mlrd dollar;
  • Qozog‘iston – 4,4 mlrd dollar;
  • Turkiya – 3 mlrd dollar;
  • Koreya – 2,3 mlrd dollar;
  • Turkmaniston – 1,1 mlrd dollar;
  • Germaniya – 1 mlrd dollar;
  • Fransiya – 984 mln dollar;
  • Qirg‘iziston – 953 mln dollar;
  • Afg‘oniston – 867 mln dollar.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan faqatgina uchta mamlakat – Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 17 ta davlat bilan manfiy tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.

Eksport

2023 yilda oltinsiz eksport atigi 4,5 foizga o‘sib, 16,2 mlrd dollarni tashkil etgan. Ya’ni yanvar-dekabr oyidagi eksport hajmining 23,8 foizga oshishi bevosita oltin sotishning ko‘paygani bilan bog‘liq. Mazkur davrda 8,2 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan. Bu – mutlaq rekord ko‘rsatkichdir.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2021 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2020 yilda 5,8 mlrd dollarlik, 2019 yilda esa 4,9 mlrd dollarlik oltin sotilgan.

Shuningdek, umumiy eksport tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi 22,2 foizdan 16,6 foizgacha qisqargan. Oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar ulushi 8,3 foizdan 7,3 foizgacha, kimyoviy vositalarning ulushi esa 6,6 foizdan 5,4 foizgacha kamaygan.

O‘z navbatida, oltin eksportining ulushi 20,8 foizdan 33,4 foizgacha, mashina va transport uskunalarining ulushi 4,9 foizdan 5,3 foizga oshgan.

2023 yilda Xitoyga amalga oshirilgan eksport hajmi 6,5 foizga kamaygan. Turkiyaga mahsulot sotish 24 foizga, Qozog‘istonga eksport hajmi 2,5 foizga qisqargan. O‘z navbatida, Rossiyaga eksport hajmi 5 foizga, Afg‘onistonga 13,3 foizga oshgan.

Import

Import tarkibida eng katta ulush – mashinalar va transport asbob-uskunalari (39,2 foiz), sanoat tovarlari (16,6 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,8 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan.

O‘z navbatida, avtomobillar importi 4,5 mlrd dollarni (74,4 foiz) , samolyotlar va boshqa uchuvchi apparatlar importi esa 940 mln dollarni (2,6 barobar oshish) tashkil qilgan.

Xitoydan import hajmi 75,2 foizga, Rossiyadan 5,5 foizga, Turkiyadan 6,5 foizga, Turkmanistondan 26,2 foizga ko‘paygan.

Yoqilg‘i mahsulotlarining eksporti va importi

Hisobot davrida O‘zbekiston 695 mln dollarlik gaz import qilgan bo‘lib, bu 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2,5 barobarga ko‘p. O‘z navbatida, bu davrda gaz eksporti qariyb ikki barobar – 57,3 foizga yoki 530 mln dollargacha qisqargan.

Shuningdek, o‘tgan yili 204 mln dollarlik ko‘mir import qilingan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 67, 8 foizga ko‘p.

Yanvar-dekabr oylarida 121 mln dollarlik elektr toki sotib olingan (kamayish – 0,3 foiz) va 76,6 mln dollar qiymatidagi elektr energiyasi (kamayish – 45,8 foiz) eksport qilingan.

Neft va neft mahsulotlarining eksporti 27 foizga oshib, 297 mln dollarni, importi esa 27 foizga ko‘payib, 1,6 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Mavzuga oid