O‘zbekiston | 19:37 / 14.11.2019
4002
3 daqiqa o‘qiladi

«Xalqaro tashkilotlar ham statistik ma'lumotlarni davlatlarning o‘zidan oladi» – ekspert

14 noyabr kuni 2020-2025 yillarda O‘zbekistonda statistika sohasini rivojlantirish strategiyasi loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, taqdimotda so‘z olgan Jahon banki eksperti, strategiya mualliflaridan biri Mustafa Dinch ayrim masalalarga to‘xtalib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirliklar beradigan taklif va mulohazalar strategiya loyihasini mukammallashtirishda katta ahamiyatga ega.

«Har bir vazirlik va idora o‘z yo‘nalishi bo‘yicha statistik ma'lumotga mas'ul bo‘lishi kerak. Masalan, Qishloq xo‘jaligi vazirligining o‘z statistik departamenti bo‘lishi va o‘z yo‘nalishi bo‘yicha statistik tadqiqotlarini o‘tkazishi, ma'lumotlar bazasini shakllantirishi kerak», – deydi Mustafa Dinch.

Ekspertning aytishicha, statistika tizimida tadqiqot natijalari, statistik ma'lumotlar bir-birini inkor qilmasligi zarur. Bunda tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik, ma'lumotlar almashinuvining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi juda muhim.

«Aytaylik, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bir qancha raqamlarni e'lon qilsa, Statistika qo‘mitasidagi raqamlar esa undan farqli bo‘lsa, qaysi biri ishonchiliroq bo‘lishi mumkin?

Mana shu vaziyatda ko‘pchilik xalqaro tashkilotlardan ma'lumotlarni tekshirishga harakat qiladi. Biroq shuni unutmaslik lozimki, xalqaro tashkilotlar ham ma'lumotlarni mamlakatlarning o‘zidan oladi», – dedi Jahon banki vakili.

Mustafa Dinch ishlab chiqilgan strategiya loyihasi faqatgina Davlat statistika qo‘mitasigagina emas, balki butun halqqa tegishli va milliy rivojlanish yo‘li ekanini ta'kidladi.

«Biz bu yerda xalqaro tashkilotlar bir taraf, Statistika qo‘mitasi boshqa, qolgan vazirliklar yana bir tarafga bo‘lingan alohida jamoalar emasmiz. Biz bitta maqsad – milliy loyihani ishlab chiqishga kirishganmiz.

Shu yo‘l bilan keyingi 5 yilda samarali, foydali va kerakli, yangilanib turuvchi statistikalar ta'minotiga erishish mumkin. Agar hamkorlik bo‘lmasa, strategiyaga ajratilgan million dollarlar shunchaki havoga sovuriladi xolos», – deydi loyiha mualliflaridan biri Mustafa Dinch.

Mavzuga oid