Kun.uz'ning Janubiy Koreyadagi muxbiri Eldor Vohidov «Koreya kundaligi» ruknidagi navbatdagi maqolasida bu mamlakatga o‘qish yo ishlash uchun kelayotgan vatandoshlar bilishi tavsiya etiladigan o‘nta muhim ma'lumotni sanab o‘tadi.

1.  Hech qachon o‘z nomingizdan boshqalarga texnik qurilmalar olishga ruxsat bermang!

Koreyada uyali aloqa vositalarini hech qanday boshlang‘ich to‘lovsiz sotib olish mumkin. Pulini oyma-oy to‘lab turish sharti bilan, cheklovsiz internetga ulanish imkonini beruvchi zamonaviy smartfonlarni osongina qo‘lga kiritsa bo‘ladi. Bunday uslubda smartfon sotib olishni qisqagina qilib «Line phone» deb atashadi.

Ushbu tartib mamlakatga endigina kirib kelgan har qanday sodda insonni o‘ziga tortishi tabiiy. Aslida buning salbiy jihati yo‘q, muammo yuzaga kelishiga sabab esa rasmiylashtirish jarayonidagi tovlamachilik yoki ishonchni suiste'mol qilish holatlarida kuzatiladi.

Shu mavzuda gap ketganda yuragim ortga tortaveradi. Bir emas, ikki bor chuv tushdim. Koreyaga kelgach, ba'zi ish-yumushlar sabab notanish kishilar bilan yaqin aloqalar shakllanib qolar ekan. Xuddi shunday, men juda ishonchli deb bilgan insonga 6 oylik shartnoma asosida yangi rusumdagi mobil telefonni mening nomimdan olishiga rozilik bergandim. Oylik to‘lovlarni muntazam bajarish u kishining bo‘ynida edi. Yaqinda bu voqeaga bir yil bo‘ladi, men esa telefon qarzini uz, deya ortidan quvib yuribman.

Xulosa shuki, har qanday vaziyatda ham o‘z nomingizdan boshqa birovga avtomashina, mobil telefon yoki boshqa qurilmalar olishga ruxsat berish – katta xato.

Mamlakatda noqonuniy yashayotgan insonlar: «Moddiy masalalarni o‘zim qoplayman, shunchaki, mashina yoki mobil telefonni sening nomingga rasmiylashtiraylik» kabi takliflar bilan chiqib qolishlari mumkin. Ruxsat berishdan oldin, yuqoridagi holatlarni inobatga oling. Ogohlik zarar qilmaydi.

Gadjetlar bilan bog‘liq yana bir dolzarb masalalardan biri – «Line phone» telefonlarini sotish jarayoni bo‘lib, bunda savdo menejyerlarining yolg‘on gapirishi yoki muhim ma'lumotni atayin berkitish hollari xaridorga qimmatga tushadi.