Jamiyat | 17:59 / 12.08.2020
6603
4 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiya loyihasi ishlab chiqildi. Bu hujjatga qanday zarurat bor?

Bugun, 12 avgust kuni «Yoshlar-2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari» mavzusida Samarqand forumi onlayn shaklda o‘z ishini olib bormoqda. Forumda Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiya loyihasi muhokama qilindi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov mazkur konvensiyaga zarurat, uni ishlab chiqish jarayoni haqida ma'lumot berdi.

Ta'kidlanganidek, Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ishlab chiqish tashabbusi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tegishli bo‘lib, bu taklif Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi.

«Bu konvensiya nega kerak? 18 yoshgacha bo‘lganlar, qariyalar, ayollar, nogironlar huquqlarini ifoda etuvchi xalqaro hujjatlar bor. Ammo aholining eng tez o‘sib borayotgan, eng katta qismini tashkil qilayotgan qatlam – yoshlar haqida xalqaro hujjat yo‘q. Birinchi navbatda mana shu ehtiyojdan kelib chiqildi.

Konvensiya loyihasini ishlab chiqishda ishchi guruhga davlat organlari, yoshlar tashkilotlari vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari jalb qilindi.

Konvensiya loyihasini ishlab chiqishda uchta manbaga tayanildi:

Birinchi manba – 50dan ortiq davlatlarning yoshlarga oid qabul qilingan qonunlari. Ta'kidlab o‘tish joizki, ayni vaqtda yoshlar huquqlarini tartibga solish xalqaro va mintaqaviy darajadan ko‘ra milliy darajada yaxshiroq amalga oshirilmoqda.

Ikkinchi manba – turli mintaqalar doirasida yoshlar mavzulariga tegishli qabul qilingan 20dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar.

Uchinchi manba – universal xarakterdagi xalqaro hujjatlar. BMT va uning huzuridagi turli tuzilmalar – YuNeSKO, YUNISEF, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Parlamentlararo ittifoqning 30dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlari o‘rganib chiqildi.

Konvensiya loyihasi ikki yil davomida milliy, mintaqaviy va xalqaro darajada turli muhokamalardan o‘tkazildi», dedi Akmal Saidov.

Shuningdek, konvensiya loyihasini ishlab chiqishda duch kelingan asosiy muammoga to‘xtalib o‘tildi.

«Aynan kimlarni yoshlar deb hisoblash kerakligi konvensiya loyihasini ishlab chiqishda paydo bo‘lgan eng katta muammodir. Chunki turli mamlakatlarda yosh chegarasi har xil belgilangan. Biz loyihada 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan aholi qatlamini yoshlar sifatida e'tirof etdik. Chunki 18 yoshgacha bo‘lgan aholining huquqlari alohida hujjatda belgilab qo‘yilgan.

Dunyo yoshlarining huquq va erkinliklarini bir tizimga solish, bu huquqlarni yaxlit tarzda ifodalash uchun ham bu konvensiyaga zarurat bor. Konvensiyani ishlab chiqish jarayoniga dunyoning 2 milliardga yaqin yoshlarini jalb qilish, ularning ham milliy, ham mintaqaviy, ham xalqaro darajadagi faolligini oshirish, yoshlar siyosati masalasida davlatlarning mas'uliyatini oshirish lozim.

Konvensiyani qabul qilish jarayoni oson kechmaydi, bu borada barcha davlatlar o‘z kuchlarini birlashtirishi kerak bo‘ladi», deya Milliy markaz rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Forum davomida Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiya loyihasi xalqaro ekspertlar tomonidan muhokama qilindi, tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar yuzasidan takliflar bildirildi.

Ma'lumot uchun, Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiya loyihasi bilan Samarqand forumining rasmiy sahifasida tanishib chiqish mumkin. 

Mavzuga oid