Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni Samarqand shahrida “Franklin Templeton” (AQSH) kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Jenni Jonsonni qabul qildi.

Uchrashuvda yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning dastlabki natijalari koʻrib chiqildi.

Image

London va Toshkent birjalarida Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi aksiyalarining joylashtirilishi mamlakatimiz tarixidagi ilk xalqaro IPO boʻlgani taʼkidlandi. Buning hisobiga qariyb 700 million dollar mablagʻ jalb etildi, talab taklifga nisbatan toʻrt baravardan ziyodga oshdi.

Keyingi bosqichda jamgʻarma portfelidagi kompaniyalarni transformatsiya qilish orqali aholi farovonligini oshirish, xizmatlar ishonchliligi va sifatini yaxshilash koʻzda tutilgani qayd etildi. Keyingi aksiyalarni joylashtirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini kengaytirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Yirik kompaniyalarni IPOga tayyorlash, ularning boshqaruv kadrlarining malakasini oshirish hamda kompaniyaning Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatida ishtirok etishi bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev “Wabtec” (AQSH) kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi.

Uchrashuvda mamlakatimizda temiryoʻl infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Image

AQSH moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni ularning uzoq muddatli servisi bilan birga yetkazib berish masalalari muhokama qilindi. Oʻzbekistonda texnik xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ham koʻrib chiqildi.

Togʻ-kon korxonalarining karyer texnikasi uchun servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari boʻyicha hamkorlik qilish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.