Jamiyat | 01:14 / 02.04.2020
14248
2 daqiqa o‘qiladi

Yetkazib berish xizmatiga yaqinda ishga kirgan bo‘lsa, stiker uchun hujjatlari o‘tmaydi – Davletov

«Yetkazib berish xizmati korxonalariga qo‘shimcha pul bersangiz, hujjatlarni qalbakilashtirib berayotgan holatlar bor. Bunga qarshi juda samarali tizimni yo‘lga qo‘ydik. Hech qanaqasiga hech kimni alday olmaydi», dedi Adliya vaziri.

Foto: KUN.UZ

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov transport harakati uchun maxsus ruxsatnomani qalbakilashtirish holatlariga izoh berdi.

«Bu masalada boshidan ana shunday oqibatlarga olib kelishini bilganmiz. Korrupsiyaga qarshi bo‘limimiz bu bilan shug‘ullanyapti.

Bundan tashqari, Adliya vazirligining markaziy apparatida har bir elektron arizaning ko‘rib chiqilishini monitoring qiladigan guruh ishlayapti. Juda ko‘p holatda agar asossiz, yetarli hujjatlarsiz berilgan bo‘lsa, biz bekor qilyapmiz», – dedi Davletov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida.

Adliya vaziri ijtimoiy tarmoqlarda maxsus ruxsatnomani qalbakilashtirish bo‘yicha turli e'lonlar berilayotgani holatlariga ham izoh berdi.

«Yetkazib berish xizmati korxonalariga qo‘shimcha pul bersangiz, korxonaga ishga olib, mashinangiz xuddi o‘sha korxonada yetkazib berishni amalga oshiradigandek qilib, hujjatlarni qalbakilashtirib berilayotgan holatlar bor. Bunga qarshi juda samarali tizimni yo‘lga qo‘ydik. [Maxsus ruxsatnoma uchun ariza bergan fuqaro] korxonada yangi ishga olingan bo‘lsa, hujjatlari o‘tmaydi.

Mehnat daftarchasidan nusxa so‘rayapmiz. Birdan yangi xodim olib, bizga ma'lumotnoma berilishiga hech kim ishonmaydi, albatta.

Biz ishonayotgan eng asosiy tizim – soliq bazasi bilan bog‘lab qo‘ydik. Agar o‘sha xodim ishlagan bo‘lsa, u xodim bo‘yicha to‘langan soliqlar qani? Soliqlar va Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazib qo‘yilgan ajratmalar bo‘yicha tizimni ulab qo‘ydik. Hech qanaqasiga hech kimni alday olmaydi», – deya Ruslanbek Davletovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid