O‘zbekistonda loukosterlar bo‘lmaydi. O‘rniga gibrid aviatashuvlar joriy etilishi mumkin
O‘zbekistonda ayni paytda mavjud samolyotlar parki bilan loukoster biznes modelini amalga oshirib bo‘lmaydi. Shu bois «Uzbekistan Airways» AJ gibrid aviatashuvlarni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda Transport vazirligi havo transportini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Ulug‘bek Bektashev ma’lum qildi.
2018 yilning yanvarida O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakatga kam budjetli aviakompaniyalarni jalb etishni nazarda tutuvchi qaror qabul qilingan, 2018 yil oxirigacha milliy loukosterni tashkil etish bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazilishi kerak edi.
Bugun, 25 noyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, nega bu borada hech qanday yangilik yo‘qligi haqida so‘radi.
Ulug‘bek Bektashev haqiqatan ham «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi negizida loukoster kompaniya tashkil etilishi bo‘yicha taklif kiritilganini ta’kidladi. Uning aytishicha, hisob-kitoblar O‘zbekistonda loukoster tashkil etib bo‘lmasligini ko‘rsatgan.
«Misol uchun, Rossiyada «Aeroflot» qoshida «Pobeda» degan kompaniya bor, o‘zining shu’ba korxonasi deyiladi. Qozog‘istondayam «Air Kazakhstan» milliy aviakompaniyasi qoshida kichik «Air Astana» kompaniyasi tuzilgan edi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» ham shu narsani o‘rganib chiqqandi, MAK qoshida loukoster kompaniyasi tashkil etish rejalari bor edi. Shuning biznes modelini ishlab chiqish, hisob-kitobini qilish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Lekin hisob-kitob paytida hozirgi havo kemalari parki bilan bu biznes modelini amalga oshirib bo‘lmasligi aniqlandi», deya Ulug‘bek Bektashevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
U ayni paytda Jahon banki konsultantlari bilan birga gibrid aviatashuvlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida aytib o‘tdi.
«Gibrid aviatashuv degani bitta yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchilar istashsa odatdagi narxdagi, istashsa loukoster kompaniyalari tomonidan taklif etiladigan narxdagi avichiptalarni xarid qilishlari mumkin bo‘ladi. Odatdagi aviachipta narxi ichiga yo‘lovchining ovqatlanishi, ma’lum og‘irlikdagi bepul qo‘l yukini eltib berish va favqulodda holatlarda aviachiptani qaytarib berish xarajatlari kiritib yuborilgan bo‘ladi, loukoster kompaniyalar tomonidan taklif etiladigan narxlardan ana shu narsalar chegirib tashlangan bo‘ladi», deydi Bektashev.
Ma’lumot uchun, loukosterlar bu kam budjetli, ekspluatatsiya xarajatlari past bo‘lgan aviakompaniya bo‘lib, uning chiptalari boshqa aviakompaniyalarnikidan ancha arzon bo‘ladi. Bunday aviakompaniyalarning samolyotlarida besh yulduzli komfort bo‘lmasligi mumkin, ammo parvozlar narxi ko‘pchilik uchun hamyonbop bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 27 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmoniga muvofiq, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK, «Uchuvchilar majmuasi» DUK, «Havo aloqalari bosh agentligi» va «O‘zaviatexta’minot» MTTM negizida «Uzbekistan Airways» AJ, «Uzbekistan Airports» AJ hamda fuqaro va eksperimental aviatsiyasida havo kemalari parvozlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha davlat va texnik jihatdan muvofiqlashtirish vakolati berilgan Fuqaro aviatsiyasi agentligi tashkil etildi.
Mavzuga oid
16:05 / 17.12.2024
Uzbekistan Airways va Silk Avia monopolistlar ro‘yxatiga kiritildi
19:18 / 17.06.2024
To‘qayev Qozog‘istonda loukosterlarni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berdi
15:56 / 06.04.2024
Wizz Air Yevropa poytaxtlari va O‘zbekiston shaharlari o‘rtasida reyslarni yo‘lga qo‘yishi mumkin
18:52 / 29.02.2024