Ushbu platforma Prezident maktabiga kirish istagidagi o‘quvchilar, abituriyentlar, chet tilini o‘rganish ishtiyoqidagi yoshlar va o‘z malakasini oshirish maqsadida bo‘lgan o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan.

Andijon shahridagi Digital City texnoparkida viloyat hokimining tashabbusi bilan tashkil etilgan «Hokim akademiyasi» onlayn ta’lim platformasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat hokimligi mutasaddilari, oliy ta’lim muassasalarining rektorlari, xalq ta’limi xodimlari, nuroniylar, yoshlar, professor-o‘qituvchilar va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.
Jarayonda viloyat rahbari Shuhratbek Abdurahmonov so‘z olib, «Hokim akademiyasi» faoliyati xususida so‘z yuritdi. Mazkur dargohda onlayn ta’lim platformasini tashkil etishdan asosiy maqsad unda hududdagi maktab o‘qituvchilarini masofadan turib malakalarini oshirish barobarida ta’lim sifatini yaxshilash ekanligini ta’kidladi.


Shuningdek, maskanda maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga kirish imkoniyatlarini kengaytirish va yoshlarning chet tilini bilish darajasini oshirishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
«Hokim akademiyasi» onlayn platformasiga joylab boriladigan videodarslar saralangan, malakali professor-o‘qituvchilar tomonidan zamonaviy va so‘nggi rusumdagi texnologiyalarni o‘z ichiga olgan “Jalinga” studiyasida olib boriladi.
Yil yakuniga qadar ushbu platformaga viloyatning barcha pedagog-o‘qituvchilari hamda o‘quvchilar qamrab olinadi.



Ayni kungacha platformaga a’zo bo‘lgan maktablarning soni 752 tani tashkil etgan. Jami ro‘yxatdan o‘tgan o‘quvchilar soni esa 20 ming 283 nafarga yetdi.















