O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan Umradan qaytishini marosimga aylantirib, turli xil «bayramlar» o‘ylab topayotganlarga murojaat qildi.

«Haj yoki umra safaridan qaytgan insonlar savobli va xayrli ishlarda ibrat, tejamkorlikda boshqalarga namuna bo‘lish o‘rniga kutib olishdan boshlangan xarajatlar va isrofgarchiliklar bilan hammani hayratga solyapti. Qimmatbaho avtoulovlarda kutib olish, mahallaning boshidan uzundan uzun poyandozlar to‘shash, katta pul sarf qilib marosimlarni to‘ylarga, ba’zan esa Alloh bizni kechirsin, shoularga aylantirib yuborish holatlari ko‘paymoqda. Umra ziyoratidan kelganlar to bir kilometr uzoqlikdan oyoqlari ostiga gilamlar solganining guvohi bo‘lyapmiz.

Bilasizmi, eng achinarlisi nima, kimdir Alloh nasib qilib onasini hajga yoki umraga yuboribdi. U hammaga xo‘jako‘rsin qilib, riyo qilib onasini kutib olayotgan bir paytda undan bir necha eshik uzoqda kimdir bemor onasiga dori topaman deb, mardikorlik qilib yig‘layotganini, shifoxonada onasini mahkam bag‘riga bosib yig‘layotgan bir faqir insonni ko‘z oldimizga keltiraylik.

Uning o‘rniga umradan kelayotgan inson – borganimdan keyin men Allohni baytini ko‘rganimning shukronasiga, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga salom va salovatlar aytishimga Alloh taolo musharraf qilgani evaziga mahallamdagi kambag‘al va yetim-yesirlarning boshini silayman, deya o‘ziga-o‘zi qasd qilishi kerak emasmi?

Bu riyokorlik, bu qilinayotgan dabdaba-yu asasalarning hammasi dinimizda taqiqlangan. Dinimiz qaytargan amallardir. Yana achinarlisi, qaytib kelganidan keyin bu shoularga, dabdabalarga ulanib ketadigan hoji o‘tirishlar kabi o‘tirishlar tashkil qilinyapti. Birgina hoji o‘tirishni tashkil qilish uchun bir kambag‘al odam farzandini to‘yiga sarflaydigan sarf-xarajatni ishlatishyapti.

Bundan tashqari, qilgan amalingizni boshqalar ko‘rsin deb qilinadigan amal bu – riyo. Ya’ni bizning tilimizda xo‘jako‘rsinlik, boshqalar eshitib qo‘ysin deyish bu sum’a.

Har ikkisi ham katta gunoh bo‘lib qilingan o‘sha amalning savobini yuvib tashlaydi. Qiyomat qoyim bo‘lganda riyo uchun qilingan amalga hech qanday savob berilmas ekan. Mahmud ibn Labid roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan qo‘rqadigan narsalarimning eng qo‘rqinchlisi kichkina shirk», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, kichik shirk nima?» deyishdi. U zot: