15:46 / 03.07.2020
14356

Urganch shahridagi mahallada xususiy klinika qurilishi boshlandi. Fuqarolar bunga qarshi bo‘lishmoqda

Urganch shahrining «Temiryo‘lchi» mahallasi hududida tibbiyot klinikasi qurilishi boshlandi. Aholi yer ajratilishiga ruxsat bergan hokimlikdan qattiq norozi bo‘lmoqda.

Xorazm viloyati markazi Urganch shahrining «Temiryo‘lchi» mahallasi hududida tibbiyot klinikasi qurilishi boshlandi. Yaqin atrofdagi uylarda yashovchi aholi bundan qattiq norozi bo‘lib, qurilish to‘xtatilishini talab qilishmoqda. Bu haqdagi shikoyatlar shahar prokuraturasi va boshqa tashkilotlarga taqdim qilingan.

Urganch shahri hokimining 2020 yil 9 martdagi qaroriga asosan, tadbirkor Oybek Abdullayevga «Temiryo‘lchi» mahallasi hududining Xonqa ko‘chasi tomonidan «Tibbiyot klinika» qurish uchun 600 kv.m. yer maydoni doimiy foydalanishga ajratib berilgan.

Bu hudud Xonqa ko‘chasi va Al-Xorazmiy ko‘chasi tutashgan joyda yonma-yon turgan 2 qavatli 2ta uy o‘rtasidagi avtomobillar turar joyiga to‘g‘ri keladi.

Yer ajratish to‘g‘risidagi qaror mart oyida chiqqan bo‘lsa-da, mahalla aholisi bu haqda iyun oyida, qurilish ishlari boshlanganida xabar topgan. Bu holat odamlarni taajjubga solgan.

«Temiryo‘lchi» mahallasi aholisi avtomobillar turar joyi o‘rnida hech qanday ogohlantirishsiz tibbiyot klinikasi qurilishi uchun ruxsat berilganidan qattiq norozi bo‘lib turishibdi. Odamlar shaxsiy avtomobillarini qo‘yish uchun joy qolmasligi, qurilish natijasida atrofdagi 70 yil oldin qurilgan uylarga jiddiy talafot yetishi, qurilish texnikasi aholining mulki va sog‘lig‘iga zarar yetkazishi, bundan tashqari, tibbiyot klinikasi faoliyati aholi salomatligiga xavf solishi mumkinligidan jiddiy xavotirga tushishgan. Ular deyarli har kuni shu holatni muhokama qilishmoqda.

Qurilishni boshlab qo‘ygan tadbirkor Oybek Abdullayev bu joyda yerto‘lali, 2 qavatli bino barpo etilishi rejalashtirilayotgani va buning uchun barcha hujjatlar rasmiylashtirilgani, ruxsatnomalar olingani haqida ma'lumot berdi.

Ammo «Temiryo‘lchi» mahallasi aholisiga qurilish loyihasi, binoning ko‘rinishi qanday bo‘lishi, ruxsatnomalar haqida to‘liq ma'lumot berilmayapti. Bu esa odamlar orasida turli mish-mishlar tarqalishiga, xavotir oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Urganch shahar hokimligidan «Temiryo‘lchi» mahallasi hududida tibbiyot klinikasi qurish uchun hujjatlar qanday rasmiylashtirilgani bo‘yicha izoh olishga bo‘lgan urinishlar samarasiz ketdi. Hokimlik vakili muammo nimadaligini bilgach, qo‘ng‘iroqlarga javob bermay qo‘ydi. Hokimlik binosiga esa karantin tufayli kirishning iloji bo‘lmadi.

Albatta «shahar bedarvoza emas», O‘zbekistonda aholi yashash joylarida qurilish ishlarini olib borish Shaharsozlik Kodeksi bilan tartibga solinadi. Kodeksning 3-moddasida «Shaharsozlik normalari va qoidalari shaharsozlikning asosi bo‘lib, ular shaharsozlik faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlari, fuqarolarning o‘z o‘zini boshqarish organlari, yuridik va jismoniy shaxslar ijro etishi uchun majburiy» ekani ko‘rsatilgan.

Shaharsozlik Kodeksining 4-moddasi 7-qismida «Agar shaharsozlik faoliyati jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga zid bo‘lsa, bunday faoliyat tugatilishi kerak» deb belgilangan. Bu moddaga kengroq sharh beradigan bo‘lsak, har qanday qurilish ishlari loyihalashtirilishi va boshlanishidan oldin, shu hududdagi fuqarolar, korxona va tashkilotlar manfaatlariga zid emasligi tekshirilishi, ularning roziligi olinishi shart hisoblanadi.

Kodeksning 5-moddasida «Har bir fuqaro qulay yashash va faoliyat ko‘rsatish muhiti bilan ta'minlanish huquqiga egaligi, shaharsozlik faoliyatining amalga oshirilishida fuqarolarning qulay yashash va faoliyat ko‘rsatish muhiti bilan ta'minlanish huquqi borligi, fuqarolarning shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etishi mumkinligi» ko‘rsatilgan.

Ko‘rib turganimizdek, qonunlar, kodekslar fuqarolarning qulay yashash va faoliyat ko‘rsatish muhiti bilan ta'minlanish huquqini qat'iy himoya qilmoqda. Xususan, «Temiryo‘lchi» mahallasi aholisi qulay yashash va faoliyat ko‘rsatish muhiti bilan ta'minlanishni talab qilishi, bunday muhit buzilishiga e'tiroz bildirishi va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etishga haqli.

Urganch shahar hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar esa shaharsozlik normalari va qoidalariga amal qilishga, jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini e'tiborga olishga, ular bilan hisoblashishga majbur.

Urganch shahar hokimligi tadbirkorga yer ajratish jarayonida Shaharsozlik Kodeksi talabidan kelib chiqqan holda, shu hududda istiqomat qiluvchi fuqarolarning roziligini olgani haqida ma'lumotga ega emasmiz. Yuqorida qayd etganimizdek, bu borada izoh olishga bo‘lgan urinishlar samarasiz bo‘ldi. Bizga murojaat yo‘llagan aholi esa bu masala yuzasidan mahallada hech qanday yig‘ilish o‘tkazilmagani va rozilik olinmaganini ta'kidlamoqda. Bundan tashqari, aholining qattiq norozi bo‘lib turganidan bunday rozilik olinmaganini taxmin qilish qiyinmas.

Hozirgi vaqtda tadbirkor tomonidan qurilish ishlari boshlab qo‘yilgan. Uylar orasi to‘siqlar bilan o‘rab olingan, hatto odamlar va avtomobillar o‘tadigan yo‘l ham yopilgan. Odamlar shaxsiy avtomashinalarini piyodalar yo‘lagiga qo‘yishga majbur bo‘lishyapti. Qurilish ishlari boshlanishi natijasida aholi gaz ta'minotidan, ichimlik suvi ta'minotidan bot-bot uzib qo‘yilayotgani haqidagi shikoyatlar ham bo‘lmoqda. Pandemiya bilan bog‘liq og‘ir sharoitda bunga qanday yo‘l qo‘yish mumkin?

Har bir mahalla aholisi chiroyli va qulay, xavfsiz va obod hudduda, rohatlanib, bemalol yashashga haqli. «Temiryo‘lchi» mahallasi aholisi qonunda belgilangan, kodeksda ko‘rsatilgan huquqlari tiklanishi, o‘z fikrlari va e'tirozlari inobatga olinishini talab qilishyapti. Afsuski, bu mojarodan shahar hokimligi, mahalla qo‘mitasi va aholi o‘rtasida muhokama va muzokara jarayoni, konstruktiv muloqot, aloqa yo‘qligini ko‘rmoqdamiz. Rahbarlar mahalla fuqarolarini yig‘ib, barcha manfaatdor tomonlarni to‘plab, vaziyatni muhokama qilganida, muammo yechimini topishga intilganida bunday ziddiyat kelib chiqmagan bo‘lardi.

Voqealar rivojini kuzatib boramiz.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top