– Albatta, bugun «Uyda qoling» degan shior asosida karantin qoidalariga muvofiq, uyimizda o‘z faoliyatlarimizni olib boryapmiz. O‘z navbatida, har bir ishning o‘z odobi, madaniyati, tartibi bo‘ladi. Har bir inson shu qoidalarga to‘g‘ri ma'noda amal qilsa, maqsadga yetishlik osonroq va qulayroq bo‘ladi.
Bugun karantin – insonlarga xavf solib turgan koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish uchun qo‘llanilayotgan bir choradir. Shunday ekan, bu narsani har birimiz to‘g‘ri qabul qilishimiz va to‘g‘ri yondashishimiz talab etiladi. Alloh taoloning bugun bizga berayotgan bu kunlarini qadrlashimiz, ularni g‘animat bilishimiz ham bizning burchimizdir.
Zero, biz uyda qolib, ba'zi bir ulgurmayotgan ishlarimizni qilishga imkon bo‘lgani ham Allohning bir go‘zal fursati bo‘ldi desak, hech mubolag‘a emas. Mehribon ota-onalarimizning ko‘ngillarini ovlash, ularning duolarini olish imkoniyati ochildi. Yoki bo‘lmasa, har bir ota-onani gardanidagi eng buyuk vazifalaridan biri – farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanishga qulay fursat berildi.
Farzandlarimizning ko‘ziga qaraylik, ko‘ngliga quloq tutaylik, ularni maqsadlari nima, muddaolari nima, tarbiya va odoblari qaysi ko‘chada ketyapti, biz o‘ylagan yaxshiliklarning ro‘yobi bormi, degan savollarni javoblarini qidirishga bir imkoniyat desak bo‘ladi.
O‘z navbatida, Alloh bergan ne'matlarni qadrlash va uni o‘z o‘rnida sarflashlik ham har birimizdan talab etiladi.
Shu o‘rinda, bunday vaziyatda ba'zi bir qo‘llari kalta fuqarolarimizga muruvvat qo‘llarini cho‘zayotgan insonlarni ko‘rib, havasimiz kelyapti. Alohida ko‘makka muhtoj insonlarga fondlar ochilib, ularga yaxshilikka sherik bo‘lishni xohlagan insonlarning o‘z hissalarini qo‘shayotganligini ko‘rib, havasimiz kelyapti.
Urva bin Zubayr r.a.ning Oisha r.a.dan Payg‘ambar alayhissalomning kundalik hayotlari haqida so‘ragani to‘g‘risida mashhur bir hadis bor. Biz yaxshi bilamiz, Urva bin Zubayr r.a. – Payg‘ambar alayhissalomning jiyanlari bo‘ladi. Ya'ni Oisha onamiz u kishiga xola bo‘ladilar.
Aytadilar: «Bir kuni Oisha onamizning huzurlariga borib, «Ey xolajon, Rasululloh s.a.v.ning kunlari qanday qanday o‘tardi?» deb so‘radilar. Shunda Oisha onamiz: «Rasululloh s.a.v.ning uylarida 3 oyni ko‘rardig-u, ammo u kishining qozonlarida olovni ko‘rmasdik». dedilar. Shunda jiyanlari hayratlanib: «Xolajon, unda nima bilan tirikchilik qilardinglar?» deb so‘radilar. Shunda Oisha onamiz: «Ikki qora narsa, ya'ni biri xurmo, ikkinchisi suv bilan tirikchilik qilar edik. Rasululloh s.a.v.ning qo‘shnilari bor edi, ular echki sutini Rasullulloh s.a.v.ga berib turardilar», dedilar. (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati)









