O‘zbekiston | 15:44 / 11.10.2024
3235
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda o‘quvchilar ko‘z o‘ngida mushukni derazadan tashlab yuborgan o‘qituvchi jarimaga tortildi

Toshkentda o‘qituvchi o‘quvchilari ko‘z o‘ngida ikkinchi qavat derazasidan mushukni tashlab yubordi. Sud o‘qituvchini BHMning bir baravari (375 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortdi.

Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 62-maktabning o‘zbek tili o‘qituvchisi o‘quvchilari ko‘z o‘ngida ikkinchi qavat derazasidan mushuk uloqtirdi. Mushukcha halok bo‘ldi.

Poytaxt maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi izohiga ko‘ra, voqea 27 sentabr kuni sodir bo‘lgan. 7-sinf o‘quvchilari «ona tili darsiga o‘zboshimchalik bilan mushuk olib kirgan». 

«O‘qituvchi o‘quvchilar dars mashg‘ulotlari paytida chalg‘imasliklari uchun mushukni derazadan tashlab yuborgan», — deyiladi poytaxt maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabarida. Mushuk veterinar ko‘rigidan o‘tkazilganda jiddiy jarohatlar aniqlanmagan.

«Mushukkent» loyihasiga ko‘ra, mushukcha ikkinchi qavatdan qulashi oqibatida ko‘plab jarohatlar olgan. Ecolog.uz xabariga ko‘ra, veterinariya klinikasida olingan rentgen va ultratovush tekshiruvlarida tos suyagi sinishi, umurtqa pog‘onasi shikastlanishi, ichki a’zolarda ko‘karishlar jarohatlari aniqlangan. Mushukcha keyinchalik nobud bo‘lgan.

Uchtepa tumani sudi tomonidan o‘qituvchiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (375 ming so‘m) miqdorida jarima solingan.

Mavzuga oid