Bir necha kun muqaddam Xitoyda tahsil olayotgan bir guruh yoshlar murojaati internetda shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Biz masalani batafsilroq o‘rganish maqsadida konsalting firma bilan suhbat o‘tkazdik. Bu ishlar hozirgi kunda ko‘pchilik yoshlar tomonidan qiziqish bildirilayotgan xorijda tahsil olish uchun yuboruvchi firmalar xizmatiga katta shubha uyg‘otadi. Xo‘sh, bunday xizmatlarda nimalarga e’tibor qaratilishi lozim? Bu xususda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi bilan tuzilgan memorandum asosida faoliyat yurituvchi Xitoyning «China campus network» universitetlar assotsiatsiyasining O‘zbekistondagi filiali rahbari Dilshod Xamrayev bilan suhbatlashdik.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix) 

— Xorijga o‘qishga boruvchi yoshlarimizga dastlabki savol qanday?

— Biz birinchi navbatda chet elga borishdan maqsad so‘raladi. Shuni aniqlab olishimiz kerak. Hozir yoshlarda har xil maqsadlar bor. Kimdir ishlashga borishni xohlaydi, kimdir ham o‘qib, ham ishlayman deydi. Ba’zi yoshlar diplom kerakligi uchun arzon o‘qishlarga qiziqishadi. O‘qishdan asosiy maqsad – O‘zbekiston uchun malakali kadr bo‘lib yetishish bo‘lishi kerak. Buning uchun biz sohalarni bilishimiz kerak. Ya’ni, O‘zbekiston uchun qanday sohalar kerak? Masalan, hozir raqamli iqtisodiyot, IT-yo‘nalishlar, injiniring, qurilish, urbanizatsiya, energetika va boshqa sohalar mamlakat uchun juda muhim. Bu sohalarning malakali kadri bo‘lish uchun nufuzli universitetda o‘qish kerak. Buni bilish uchun Vazirlar Mahkamasi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan dunyoning nufuzli universitetlarining 1000tasi ro‘yxati bor. O‘sha universitetlarga topshirsa, o‘shandagina malakali kadr bo‘la oladi. Yoshlar orasida Yevropa, Amerika va Osiyoning bir necha davlatlariga borishga qiziqish kuchli. Bizning tavsiyamiz Xitoy davlatiga bo‘ladi.

— Nega aynan Xitoy?

— O‘zbekiston va Xitoy davlati o‘rtasida diplomatik aloqalar rivojlanganini, investitsiyalar, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan 2 mingdan ortiq Xitoy korxonalari, shuningdek, «Bir makon, bir yo‘l» loyihalaridan kelib chiqib biz shu davlatga tavsiya qilamiz. Xitoy tilini biladigan mutaxassislarga hozir talab yuqori. Endi universitetlarga o‘qish kirish yo‘llarini o‘rganib chiqish kerak. Avvalambor, har qanday inson oliy o‘quv yurtlariga mustaqil hujjat topshirishi mumkin. Buning uchun o‘sha universitetlarning saytlari bor. Bundan tashqari, konsalting firmalar yordami bilan borish mumkin. Oxirgi 3 yilda bular juda ko‘payib ketdi.