Jamiyat | 20:47 / 06.03.2020
8288
2 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik: OTMlarda yangi o‘quv binolariga ehtiyoj yo‘q

O‘zbekistonda yildan yilga OTMlarga qabul kvotalari oshirilmoqda. Shunga qaramay, mazkur tendensiya binolarga bo‘lgan katta ehtiyojni yuzaga keltirmaydi, deb ma'lum qildi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

«Akademik litsey va kollejlarning yuzga yaqin binolari OTM tasarrufiga berildi. 2022 yilgacha [qo‘shimcha] o‘quv binolariga ehtiyoj bo‘lmaydi. 2023 yildan boshlab ehtiyoj seziladi va qo‘shimcha binolarni qurish bo‘yicha amaliy harakatlar olib boriladi», – dedi Xoliqov.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, vazirlik mulozimi bu haqda 6 mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tgan.

«2017 yilgacha OTMlarga qabul ko‘rsatkichi 9 foiz atrofida o‘zgarmay kelgan. 2018 yilda 13 foizga, 2019 yilda 20 foizga o‘sish kuzatildi.

Joriy o‘quv yilida esa ko‘rsatkichni kamida 25 foizga oshirishni rejalashtirganmiz», – dedi Abduvali Xoliqov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2019-2020 o‘quv yilida oldingi yilga qaraganda 146 ming nafar ko‘proq talaba o‘qishga qabul qilingan.

«Joriy yil respublika bo‘yicha umumiy o‘rta ta'lim maktablarini 641 ming nafar o‘quvchi tugatadi. Demak, 2020-2021 yilda 160 mingdan ortiq yoshlarni oliy ta'limga qabul qilishimiz kerak.

Buni amalga oshirishga imkoniyatimiz yetarli. Bugungi kunda 468 ming nafar talaba bo‘lsa, keyingi o‘quv yilida 550 mingdan ortiq talaba oliy ta'limga qamrab olingan bo‘ladi.

2030 yilga kelib esa oliy ta'limga qamrab olish darajasi 50 foizdan oshadi», – dedi OO‘MTV Bosh boshqarma boshlig‘i.

Mavzuga oid