O‘zbekiston | 15:37 / 10.12.2024
907
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 9 ta QES va bitta ShES "yashil" energiya ishlab chiqarmoqda

Kuvaytning arab tilidagi Q8 Press elektron nashrida "O‘zbekiston "yashil" energiya rivojlanishini qo‘llab-quvvatlamoqda" sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

"So‘nggi 7 yil davomida O‘zbekistonda "yashil" iqtisodiyotni, ayniqsa, "yashil" energetikani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi", – deb ta’kidlangan maqolada.

Nashrda xalqaro kompaniyalar bilan umumiy quvvati 20630 megavatt (quyosh fotoelektr stansiyalari uchun 7630 megavatt va shamol elektr stansiyalari uchun 13000 megavatt) bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha 38 ta shartnoma imzolangani xabar qilingan.

Mazkur loyihalarni amalga oshirishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston prezidenti tomonidan 29 ta qaror imzolanib, bugungi kunda umumiy quvvati 1700 MVt bo‘lgan 7 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan 3 ta shamol elektr stansiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda.

Ushbu investitsiya loyihalari Saudiya Arabistoni podshohligi (ACWA Power), Birlashgan Arab Amirliklari ("Masdar", TeplingGrouap AG va Solar Power Shine), Fransiya (Totel Ering) va Xitoy (Gizhouba Overseas Investment, China Datang Overseac Investment va Universal Energy) kompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati qariyb 21,121 milliard AQSh dollarini tashkil etib, ularning barchasi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilmoqda.

Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida bugungi kunda O‘zbekistonning 7 ta viloyatida jami quvvati 2,7 GVt bo‘lgan 9 ta quyosh elektr stansiyasi va bitta shamol elektr stansiyasi yashil energiya ishlab chiqarmoqda.

2026 yilga borib O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati 5 ming MVtga, 2030 yilga kelib esa 18 ming MVtdan oshadi.

"Ushbu "yashil" loyihalar ishga tushirilgach, mamlakatda 2030 yilgacha har yili 50 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, bu esa yiliga qariyb 15 milliard kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Bundan tashqari, atmosferaga 21 million tonna zararli gazlar kirib kelishining oldi olinadi. Bu 2030 yilga borib O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 40 foizga qayta tiklanadigan energiya manbalaridan olinadi, degani", – deb yozgan Q8 Press.

Mavzuga oid