Hafta o‘rtasidan kuzatiladigan nisbatan salqin ob-havo suv tanqisligi va issiqlik stressini vaqtincha yumshatsa-da, hafta oxirida jazirama yana qaytadi va dalalarda agrotexnik tadbirlarni aniq rejalashtirishni talab etadi. Favqulodda issiqlik qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun asosiy xavf bo‘lib qoladi.
Hafta davomida kutilayotgan ob-havo bilan iqlimshunos Erkin Abdulahatov tanishtiradi.
Hafta boshida havo haroratining +43...+49°S gacha ko‘tarilishi paxta, sabzavot, poliz va bog‘dorchilik ekinlarida transpiratsiyani kuchaytirib, tuproq namligining jadal yo‘qolishiga olib keladi. Kuchli shamol va chang to‘zonlari yosh ko‘chatlarga mexanik zarar yetkazishi hamda sug‘orilgan maydonlarda namlikning tez bug‘lanishini kuchaytirishi mumkin. Hafta o‘rtasida shimoldan kirib keladigan salqin havo oqimi issiqlik stressini pasaytirib, sug‘orish, o‘g‘itlash va boshqa agrotexnik tadbirlar uchun nisbatan qulay sharoit yaratadi. Biroq dam olish kunlarida jaziramaning qayta kuchayishi sabab, fermerlar suv resurslaridan tejamkor foydalanishlari kerak hamda sug‘orishni asosan kechki hamda tungi soatlarda tashkil etishlari maqsadga muvofiq.










