Joriy yilning 21 avgust kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishida Milliy kengash to‘g‘risidagi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar to‘g‘risida nizomlar tasdiqlangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Kun.uz'ga taqdim qilgan Nizomga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi tomonidan qabul qilinadigan qarorlar tegishli hududdagi barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiy deb belgilangan.

Shuningdek, Aksilkorrupsiya agentligi hududiy kengashlarning ta'sis majlislarida viloyatlar va Toshkent shahar hokimi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarning raislari etib tasdiqlanganini ma'lum qilgan.

Kun.uz bilan suhbatlashgan agentlik vakili hududiy kengash a'zolarining tasdiqlangan namunaviy tarkibida xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashlari raislari Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarning raisi sifatida ko‘rsatilganini bildirdi. Shu sababli ta'sis majlislarida mahalliy kengashlarning rahbarlari hisoblangan viloyat hokimlari Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashda ham rais sifatida tanishtirilgan. Shuningdek, ushbu namunaviy tarkibga vazirlik va idoralarning hududiy boshqarma boshliqlari, nodavlat notijorat tashkiloti, OAV vakillari, tadbirkorlar va fahriylar ham kiritilgan.

Agentlik rasmiysi, shuningdek, kelgusida hokimlar mahalliy Kengash raisligidan chiqarib yuborilishi nazarda tutilganini bildirdi. Shundan so‘ng, mahalliy kengash raisligiga kelgan shaxs Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashiga ham raisi etib tasdiqlanadi.

Hududiy kengash O‘zbekiston qonunlari va Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi qarorlari asosida faoliyat yuritadi. Unga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari amalga oshirilishini ta'minlash, sohadagi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, aholining huquqiy ongini yuksaltirish, korrupsiya holati va tendensiyalariga doir axborotni yig‘ish va tahlil qilish, aksilkorrupsiya choralari bo‘yicha monitoring hamda sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar berish kabi bir qancha vazifalar yuklatilgan.