Yevropa inson huquqlari sudi (YEIHS) 3-sentabr kuni Rossiyaga qarshi berilgan 879 ta individual shikoyatni koʻrib chiqishni toʻxtatishga qaror qildi.

Strasburgda joylashgan sud bu qarorni mavjud resurslarni taqsimlash zarurati bilan izohlagan.

«Individual ishlarni koʻrib chiqish uchun talab etiladigan katta hajmdagi sud resurslarini sarflashni asosli deb hisoblab boʻlmaydi», - deyiladi sud bayonotida.

Koʻrib chiqilishi toʻxtatilgan ishlar orasida Rossiyada siyosiy muxolifat vakillari va faollarga munosabat, repressiv deb baholangan qonunchilik, shuningdek soʻz va yigʻilishlar erkinligining cheklanishi bilan bogʻliq shikoyatlar bor.

Sud bayonotida YEIHS shunga oʻxshash ishlar boʻyicha oʻz pozitsiyasini avval ham yetarlicha bildirgani qayd etilgan.

Rossiya 2022-yilda Ukrainaga qarshi keng koʻlamli urush boshlanganidan keyin Yevropa Kengashi aʼzoligidan chiqarilgan.

Shundan keyin ham YEIHS Rossiyaning tashkilotdan chiqarilishigacha boʻlgan davrda sodir boʻlgan voqealarga oid ishlarni koʻrib chiqishda davom etgan.

Ayni paytda Moskva YeIHSning oʻziga nisbatan chiqarilgan qarorlarini tan olmasligini bildirgan va belgilangan pul kompensatsiyalarini toʻlashdan bosh tortmoqda.

YEIHS maʼlumotiga koʻra, 879 ta ishni koʻrib chiqishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi qaror yakuniy hisoblanadi.

Biroq sud bu Rossiyaning xalqaro huquqiy javobgarligi bekor qilinganini anglatmasligini alohida taʼkidlagan.

Zarurat tugʻilsa va tegishli holatlar yuzaga kelsa, ayrim ishlar boʻyicha ish yuritish qayta tiklanishi mumkin.

Shu bilan birga, Rossiyaning Ukraina va Gurjiston bilan bogʻliq urushlariga oid ishlar YEIHS tomonidan koʻrib chiqilishda davom etadi.

Koʻrib chiqilishi toʻxtatilgan ishlar boʻyicha arizachilardan biri Korrupsiyaga qarshi kurash fondining sobiq direktori Ivan Jdanov boʻlgan.

U YEIHS qarorini tushunish bilan qabul qilganini bildirgan.

Jdanovning fikricha, YeIHSdagi jarayon tomonlarning oʻzaro tortishuvi tamoyiliga asoslanadi. Agar tomonlardan biri eʼtirozlarini taqdim etmasa va sud qarorlarini bajarmasa, bunday sharoitda sudning samarali faoliyat yuritishi qiyinlashadi.