O‘zbekiston | 11:26 / 17.11.2022
25962
8 daqiqa o‘qiladi

“Lukoyl”, grafik, tejamkorlik va o‘g‘riliklar - Sherzod Xo‘jayev svet masalasida nimalarni gapirdi?

Blekaut xavfi tufayli O‘zbekistonda elektr ta’minotida cheklovlar o‘rnatishga to‘g‘ri kelmoqda. Hali qattiq sovuq tushmay turib, joylarda soatlab “svet” o‘cha boshladi. Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev 16 noyabr kungi matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi.

Xo‘jayevning tushuntirishicha, elektr ta’minotidagi uzilishlarning eng asosiy sababi – gaz tanqisligi. Chunki elektr energiyasining 90 foizi issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi.

“Men ochiq ayta olaman, bugungi kunda elektr ta’minotidagi uzilishlarning 90 foizining sababi – elektr tarmoqlarining eskirgani yoki quvvati kamligi emas, balki elektr stansiyalarimizda elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun yoqilg‘i yetishmasligidir”, – dedi u.

Quyida turli jurnalistlar bergan savollar va ularga vazir o‘rinbosarining javoblari keltirib o‘tiladi.

— Avvalgi hokimiyat davrida «Lukoyl» kompaniyasi bilan gaz qazib chiqarish bo‘yicha tuzilgan uzoq muddatli shartnoma shartlari davlat va jamiyat manfaatlariga zid bo‘lgani haqida aytiladi. Mamlakat ichidagi gaz tanqisligi bilan bog‘liq vaziyatga sabablardan biri ham aynan mana shu shartnoma ekani taxmin qilinadi. Hukumat shartnoma shartlarini o‘zgartirishni o‘ylamayaptimi?

— «Lukoyl» kompaniyasi bir kunlik rejasini 101,4 foizga bajargan. Oy boshidan qarasak ham ichki bozorga yo‘naltirish bo‘yicha barcha majburiyatlarini bajaryapti. Shartnoma shartlaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston manfaatlariga zid yoki zid emas deb bugungi kunda baho berishimiz birmuncha noto‘g‘ri. Chunki shartnoma tuzilayotgan vaqtdagi sharoit qaysidir shartnomaning parametrlarini taqozo etgan. Lekin gaz taqchilligi bu shartnoma shartlariga bog‘liq emas. Bu kompaniya ham o‘z majburiyatlarini bajaryapti.

– Respublikaning aynan chekka hududlarida 10-12 soatlab tok o‘chirilishi haqqoniymi?

– Yo‘q, bir soat o‘chirilishi ham haqqoniy emas. Bu bugungi kunda majburlikdan ko‘rilgan chora. Har kuni surunkali ravishda 12 soatlab o‘chirilayotgan hududlar haqida ma’lumot bersangiz, buni o‘rganib chiqamiz. Cheklovlar jadvali ishlab chiqilgan. Qaysidir hududlarda cheklov jadvallariga rioya qilmasdan, yarim soat yo bir soat o‘rniga 12 soat o‘chirilayotgan bo‘lsa, birinchi navbatda buning sababini o‘rganamiz, ikkinchi navbatda agar inson omili bo‘layotgan bo‘lsa, ana shu xodimlarga nisbatan chora ko‘ramiz.

— Qozog‘iston, Turkmanistondagi ahvol bizdan yaxshiligiga guvoh bo‘lyapmiz. Nimaga ularda ahvol yaxshi-yu, bizda achinarli?

— Ochiq aytishim mumkinki, elektr energiyasiga bo‘lgan talabning o‘sishi sur’atlari borasida bizga qo‘shni birorta mamlakatni O‘zbekiston bilan solishtirib bo‘lmaydi. Ya’ni oxirgi 5 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish, yetkazib berish yillik hisobda eng yuqorisi O‘zbekistonda. Birorta qo‘shnimizda yillik 7-8 foiz (elektr energiyasiga talab oshishi) yo‘q.

Bu yaxshimi, yomonmi? Bir tomondan talab o‘sishi iqtisodiyot o‘sayotganidan dalolat beradi. Elektr energiyasidagi uzilishlar 12 oy davomida uchraydigan surunkali muammo emas, mavsumiy muammo. Mavsumiy bo‘lmagan davrda ham elektr energiyasiga bo‘lgan talab yildan yilga ortyapti – tadbirkorlik sub’yektlari, ishlab chiqarish va aholi turmush darajasining ortishi hisobiga.

O‘zbekistonda har bir xonadonga to‘g‘ri keladigan elektr energiyasi yillik iste’molini solishtiradigan bo‘lsak, bizda qo‘shnilardan birmuncha yuqori. Yiliga tadbirkorlik sub’yektlari ortib borishi barcha qo‘shnilarimizdan ko‘ra ko‘proq: yiliga 70-75 mingta yangi iste’molchi tarmoqlarimizga ulanadi.

[…] Energiyani tejab ishlatish umummilliy g‘oyaga aylanishi kerak. Bu borada biz sizlardan yordam so‘raymiz. Targ‘ibot-tashviqot ishlarini yuritib, iqtisod qilishni o‘rganmasak, ta’minotni qancha oshirganimiz bilan baribir bu resurs kimgadir yetib bormaydi.

— Bizdagi mavjud ehtiyojga nisbatan ishlab chiqarish 15 mln kilovattga kam dedingiz. Nima uchun bu kamomad chekka hududlar hisobiga qoplanishi kerak? Chekka hududlardagi aholi o‘z haq-huquqini talab qilolmaydi, ularni uzsak bo‘laveradi, degan tushuncha bormi?

— Viloyat markazlari va poytaxtda elektr energiyasi, ochig‘ini aytish kerak, eng ko‘p isrof qilinadi. Ko‘chadagi illyuminatsiya bo‘lsin, keraksiz chiroqlar bo‘lsin… Mana shu yo‘nalishda yangi ish tartibini joriy etdik – ma’lum bir soatdan keyin behuda yonib turgan chiroqlarni 100 foiz o‘chirish, ma’lum soatlar oralig‘ida reklama illyuminatsiyasiga sarflanayotgan elektr energiyasini to‘liq to‘xtatish va mana shu iqtisod qilingan elektrni siz aytgan chekka hududlarga yetkazish…

Isrof qilish masalasi elektr energiyasi muntazam yetkazib berilayotgan hududlarda juda dolzarb, bular – Toshkent shahri va viloyatlar markazlari. Chekka hududlarda elektrning qadriga yetishgani uchun odamlar isrof qilishmaydi.

Bizni eng ko‘p qiynaydigan masala – binolarni isitish. Qayerdadir tabiiy gaz bilan, qayerdadir elektr energiyasi bilan behuda isitish holatlari ham juda ko‘p, shunga qarshi kurashish kerak. Bu qo‘shimcha elektr ishlab chiqarish borasida o‘ylamaslik kerak degani emas. Shu 8-10 foizgacha ishlab chiqarishni orttirib borishimiz shart. Masalaning bir tomoni tejash bo‘lsa, ikkinchisi – ishlab chiqarishni va energosamaradorlikni oshirish.

— Grafik haqida gapirdingiz, cheklovlar qayerlarga qanday joriy qilinmoqda?

— Yagona energetika tizimida quvvat tanqisligi yuzaga kelgan hollarda elektr energiyasi yuklamasini cheklash bo‘yicha grafiklar ishlab chiqilgan. Me’yordan ortiqcha vaqt davomida o‘chirilayotgan hududlar aniqlansa, chora ko‘ramiz. Lekin bugungi kundagi bor taqchillik 8-10 soat o‘chirishni taqozo etmaydi.

— Yaqinda Prezident administratsiyasi rahbari gaz quyish shoxobchalarida gaz o‘g‘riliklari haqida gapirib, choralar ko‘rilishini aytdi. Bu borada tadbirlar o‘tkazildimi? O‘g‘ri shoxobchalar kimlar va ularga qanday choralar ko‘rilyapti?

— Tadbirlar davom etyapti. To‘g‘ri qabul qilishimiz kerak, respublikada mingdan oshiq metan-shoxobchalar bor. Bu yerdagi tadbirlar hali ham davom etyapti. Ishontirib aytamanki, tadbirlar yakunlari bo‘yicha qayerda qanday o‘g‘rilik aniqlandi, qaysi shoxobcha qancha o‘g‘irlagan, unga bu ishni qilishda qaysi xodimimiz yordam bergan – hammasini ochiqlab, keng ommaga yetkazamiz.

— Hozirgina 1 soatdan oshiq tok o‘chsa, o‘sha hudud mutasaddilariga chora ko‘rilishi aytildi. Shu paytgacha bu borada qancha mansabdorga chora ko‘rildi?

— Bugungi kunga qadar kiritilgan cheklovlar majburiy ravishda, quvvat tanqisligi cheklovlari uchun quyidagi xodimlarimizni javobgarlikka tortishimiz noto‘g‘ri bo‘ladi. Yetarli miqdorda ishlab chiqarilmaganidan keyin tokni yetkazib berolmaydi. Shunday bo‘lsa-da, cheklov grafigida 1 soat ko‘rsatilgan bo‘lsa-yu, amalda 7-8 soat o‘chirilayotgan bo‘lsa, albatta choralar ko‘ramiz.

— Qanaqadir ishonch telefoni yoki bot tashkil qilinsa, yaxshi bo‘larmidi?

— Elektr ta’minotidagi uzilishlar uchun 1154 qisqa raqami, gaz ta’minotidagi uzilishlar uchun 1104 raqami bor. Telegram-bot orqali muloqot qilishni ham yo‘lga qo‘yamiz.

Madina Ochilova tayyorladi.
Operator va montaj ustasi Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid