«Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov Telegram’dagi kanali orqali Rossiya Liberal-demokratik partiyasi raisi Vladimir Jirinovskiyning bir muddat avval O‘zbekiston haqida aytgan fikrlariga munosabat bildirdi.

Avvalroq rossiyalik deputat Qozog‘istondagi voqealarga munosabat bildirgan va bu voqealar barcha possovet mamlakatlarida birin-ketin sodir bo‘layotganini aytib, ro‘yxatda O‘zbekiston nomini ham sanagandi. U shuningdek, O‘zbekistonga poytaxt Toshkent yerlari sovg‘a sifatida berilganini qayd etgan.

Alisher Qodirov uning fikrlariga munosabat bildirar ekan, Uinston Cherchillning «akillagan laychalar» iborasi aynan Jirinovskiyga o‘xshaganlarga qarata aytilganini ta’kidladi.

«Uinston Cherchill «akillagan laychalarning hammasiga tosh otaversang, manzilingga yetib borishing qiyinlashadi», deganida Jirinovskiyga o‘xshaganlarni nazarda tutgan bo‘lsa kerak. Cherchillning dono o‘gitiga quloq tutib, bu shaxsning so‘zlariga e’tibor bermasdan o‘tib ketish to‘g‘ri bo‘lar edi, lekin qisqacha fikrimni bildirib qo‘yish zarar qilmaydi, deb o‘yladim:

Birinchidan, Jirinovskiyning bu bayonotlari, hatto norasmiy bo‘lsa ham, Rossiyaning xalqaro obro‘yiga zarar beradi. Rossiyaning kam sonli hamkor mamlakatlari uchun ham, rivojlangan dunyo kabi, Rossiya bosqinchi va ikkiyuzlamachi davlat deya xavotirlanishlariga yo‘l ochadi.

Ikkinchidan, bugungi Rossiya Rus imperiyasini tiklash, boshqa hududlarni qo‘shib olish haqida emas, tarqalib ketmaslik haqida ko‘proq bosh qotiryapti. Shu sababli Jirinovskiyning bunday aljirashlariga rus rasmiy doiralari birinchi bo‘lib munosabat bildirishlari kerak, deb o‘ylayman.

Uchinchidan, so‘nggi vaqtlarda Rossiyadagi rasmiy doiralar Markaziy Osiyoda mahalliy ruslarga hurmatsizlik qilinayotgani sabab alohida sub’yektlarga sanksiyalar qo‘llashmoqda. Lekin boshqa millatlarga hurmatsizlik qilayotgan o‘z rasmiylariga nisbatan ovoz ham chiqarmayaptilar. Bu ikkiyuzlamachilik emasmi?» deydi Qodirov.

Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Markaziy Osiyoda yashayotgan rus vatandoshlarning mahalliy aholi bilan munosabatlari buzilishiga aynan shu kabi kaltabin bayonotlar sabab bo‘layotganini qayd etgan.