O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 dekabr kuni zamonaviy kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘ldirish, bilimli yoshlarni strategik sohalarga jalb etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Keyingi yillarda ta'lim tizimini takomillashtirish, zamonaviy kadrlar tayyorlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Prezident qarori bilan 2017-2021 yillarda Oliy ta'lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Joriy yilda mamlakatimizda 13ta yangi oliy ta'lim muassasasi, jumladan, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etildi. Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishlari boshlandi.

Albatta, bunday e'tibor yaqin kelajakda o‘z samarasini beradi. Lekin barcha sohalarda jadal islohotlar olib borilayotgan bir paytda shu sur'atga mos ilg‘or kadrlar mamlakatimizga bugun kerak. 

Hozirgi tizimli o‘zgarishlar jarayonida aksariyat mutaxassislarning bunga tayyor emasligi, ularning bilimi, malakasi va ko‘nikmasi zamon talabiga javob bermasligi ayon bo‘lib qoldi. 

Masalan, xorijda doktorantura va magistraturada o‘qitish, malaka oshirish va stajirovkani tashkil qilish bo‘yicha dastlabki ehtiyoj 3,5 mingdan ortiq. Yurtimizda xalqaro ilmiy va amaliy tajriba ega 600 nafardan ziyod vatandoshlarimizga ehtiyoj mavjud. 1000 nafarga yaqin xorijiy olimlar va ekspertlarni jalb etishga talab bor.

Ya'ni, bugun kechiktirib bo‘lmaydigan, oddiy ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj 5 mingdan ziyodni tashkil etadi. Agar ishlab chiqarishdagi talab ham inobatga olinsa bu raqam kamida 50-100 baravarga oshadi.

«Bu hali bugungi ehtiyoj. Yaqin va uzoq istiqboldagi iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan bizga qaysi soha uchun qanday mutaxassis kerak bo‘ladi? Shuni hozirdan chuqur o‘ylashimiz, zamon talabi, islohotlar shiddatiga mos kadrlarni tarbiyalashimiz kerak. Bu masala bizning kelajagimiz, bizning ertangi kunimiz», – deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirdi prezident matbuot xizmati. 

Davlat rahbarining joriy yil 25 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi tashkil etilgan edi. 

Jamg‘arma oldiga o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni doktorantura va magistratura dasturlari bo‘yicha o‘qitish, turli soha mutaxassislarining malakasini oshirish va stajirovkasini tashkil etish, xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularni mamlakatimizda bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga jalb qilish, chet eldagi universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qo‘mak berish vazifalari qo‘yilgan.