Rossiyaning «Dose» jurnalistik surishtiruvlar markazi to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, RF prezidenti Vladimir Putin so‘nggi vaqtlarda mamlakat ichkarisida harakatlanishda Il-96-400 samolyotlaridan kamroq foydalanib, zirhlangan temiryo‘l maxsus sostavini afzal ko‘rmoqda.

V.Putin zirhlangan poyezd vagonida. Foto: TASS

Bu zirhlangan poyezd sostavi prezident uchun 2014–2015 yillardayoq tayyorlangan, biroq davlat rahbari undan 2021 yil yarmiga kelib — Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirishidan avvalroq faol foydalana boshlagan.

Maxsus sostavga Putinning do‘sti Yuriy Kovalchukka tegishli kompaniya egalik qiladi. Foto: sputnik.ru

Poyezdga egalik qiluvchi «Grand-Servis Ekspress» kompaniyasi Yuriy Kovalchukning jiyaniga tegishli. Kovalchuk — «Rossiya» bankining asosiy aksiyadori va Putinning eng yaqin do‘sti. Uning tuzilmalari Putinning Gelenjik yaqinidagi qasriga ham xizmat ko‘rsatadi.

Qarorgohlarga tortilgan temir izlar

«Proyekt» ma’lumotlariga ko‘ra, eng qattiq qo‘riqlanadigan, vertolyot qo‘nish maydonchasiga ham ega temiryo‘l bekatlaridan biri Dolgiye Borodi qishlog‘i yaqinidagi Valday milliy parki hududida qurilgan. Mahalliy aholi vakillarining xabar berishicha, temiryo‘l tarmog‘i faqat prezident uchun qurilgan, jurnalist bekat devoriga yaqinlashmoqchi bo‘lganda qo‘riqchi uni haydab yuborgan.

Bundan tashqari, Moskva va Sankt-Peterburg oralig‘ida qatnagan sobiq mashinistning hikoya qilib berishicha, Valday yaqinidagi temiryo‘l ilgari «juda yomon holatda» bo‘lgan, biroq prezident qarorgohiga temiryo‘l tortish boshlangach, Putin sostavi o‘tishi kerak bo‘lgan yo‘llarning bir qismi ta’mirlangan, «u bormaydigan uchastkalar esa ta’mirlanmay qolib ketgan».

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan ma’lum bo‘lishicha, Putin uchun Valdaydagi bekat 2019 yilda qurilgan.

Putinning qarorgohlarini bog‘lovchi temiryo‘l xaritasi. Skrinshot: «Dose».