8 iyul kuni Oliy Majlis Senatining 28-yalpi majlisi davomida senatorlar 2021 yil yakuni va 2022 yilning birinchi choragi bo‘yicha Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari ijrosida yo‘l qo‘yilgan bir qator kamchiliklarni sanab o‘tdi.

Xususan, davlat xaridlari sohasidagi 2ta portal – korporativ buyurtmachilarning elektron kooperatsiya portali hamda maxsus axborot portali o‘zaro integratsiya qilinmagan. Bu esa ko‘p hollarda davlat xaridlarining shaffofligi masalasini savol ostida qoldiryapti. O‘tgan yilning o‘zida 10 trln 785 mlrd so‘mlik xaridlar bo‘yicha tuzilgan 35 mingdan ziyod shartnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus axborot portalida joylashtirilmagan.

Elektron savdolar bo‘yicha Hisob-kitob kliring palatasida 55 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ harakatsiz qolgan. 2018–2021 yillar davomida bu mablag‘lar samarasiz tarzda maxsus hisobraqamlarda turib qolgan.

Ish haqiga ajratilgan 331,4 mlrd so‘m boshqa maqsadlarga sarflangan

Respublika budjeti hisobidan 2021 yilda Moliya vazirligi tomonidan ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqalar miqdorlarini oshirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun mahalliy budjetlarga 4 trln 622 mlrd so‘mdan ziyod qo‘shimcha mablag‘ ajratilgan.

Hisob palatasining xulosasiga ko‘ra respublika bo‘yicha ish haqiga ajratilgan mablag‘larning 331,4 mlrd so‘mi Moliya vazirligining roziligi asosida boshqa maqsadlarga sarflangan.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

O‘z daromadini ko‘paytirishga haris jamg‘arma

Qayd etilishicha, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining hisobotida daromad ko‘rsatkichlari va xarajatlarning ayrimlari noto‘g‘ri aks ettirilishi bilan bog‘liq xato va kamchiliklar aniqlangan.

Jamg‘arma tomonidan “Hi-Tech Bank” va “Ravnaq bank”ka depozit shartnomalariga asosan joylashtirilgan 7 mln 850 ming dollar miqdoridagi muddatli depozitlar shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda jamg‘arma hisobiga qaytarilmagan.

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi korxonalar va ish o‘rinlari yaratish maqsadlariga ajratilgan davlat mablag‘laridan samarasiz foydalanilib, jamg‘arma o‘zini saqlash uchun daromadlarni ko‘paytirishga yo‘naltirgan.