Feysbukdagi «Potrebitel.uz» yopiq guruhida 28 oktabr kuni bir post qoldirildi. Unda aytilishicha, Angren shahrida yashovchi 11 yashar qiz «Tseftriakson» dori vositasi tufayli paydo bo‘lgan allergik reaksiya sabab vafot etgan.

Ma'lumotda voqea joriy yilning 20 oktyabrida sodir bo‘lgani, surunkali bronxit sabab muntazam davolanib keladigan 11 yoshli bemor shifokor ko‘rsatmasiga binoan «Tseftriakson» antibiotigini qabul qilgani aytiladi.

Ukol qilinganidan keyin 3 daqiqa ichida bemorning qo‘llarida ko‘karishlar, ko‘zlarida qizarish, ko‘ngil aynishi boshlangan. 10 daqiqa ichida bemor hududiy shifoxonaga olib borilgan, o‘sha yerda dastlabki yurak urishdan to‘xtash holati kuzatilgani aytiladi. Shifokorlar tezkor harakatlar bilan yurak faoliyatini tiklashga muvaffaq bo‘lishadi. Ammo keyinchalik bu holat yana ikki marta takrorlanadi va tongda bemor yuragi butunlay to‘xtaydi.

Shuningdek, bemor shu kunga qadar ham «Tseftriakson» antibiotigini muntazam qabul qilgani, ammo reaksiya kuzatilmagani bildirilgan. Ya'ni amalda unga bu dori vositasi sinamasiz inʼeksiya qilingan.

E'lon qilingan postda o‘limga olib kelgan holat «Tseftriakson» dori vositasidan allergiya va anafilaktik shok tufayli paydo bo‘lgani aytilgan. Shuningdek, bu vosita Rossiyadan olib kelingani, shu paytgacha ham bu doridan paydo bo‘lgan reaksiya tufayli Angrenda o‘lim holatlari qayd etilgani, ko‘pchilik dori vositalari sotuvdan qaytarilgan bo‘lsa-da, bir qismi tarqalib ketgani yoziladi.

Postga bu dori vositalari «Deko» va «Bioximik» zavodlarida ishlab chiqarilgani va nojo‘ya ta'sirlari tufayli qaytarib olinganiga oid ma'lumot ham tirkalgan. Ammo bu ma'lumot o‘rganilganida holat bundan 4 yildan ortiq vaqt oldin kuzatilgani ma'lum bo‘ldi. Bu haqdagi maqolada «Tseftriakson» dori vositasi shu paytga qadar ham 4 marta sotuvdan qaytarilgani bayon qilingan.

  • Tseftriakson haqida: tsefalosporin qatoriga kiruvchi keng ta'sir kuchiga ega antibiotik. Tibbiyotda juda ko‘p qo‘llaniladi, ayniqsa yuqumli kasalliklarda, jarrohlik amaliyotidan oldin va keyin, jarohatlarda tavsiya qilinadi. «Tseftriakson» degan umumiy nomdan tashqari «Tsef», «Tsefabel» «Tsefivel», «Tsefiksem», «Tsefod», «Peo», «Medakson», «Betasporin», «Lifakson» kabi qator nomlar ostida, ammo shu tarkibda ishlab chiqariladi.

Kun.uz holat yuzasidan izoh olish uchun dastlab Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev Angrenda 11 yoshli bemor vafot etganini tasdiqladi.