Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Energetikada katta iste’fo va bilimli yoshlarga mukofot - hafta dayjesti
Neft-gaz sohasida kadrlar almashinuvi: Sanginov va Siddiqovdan farqli ravishda, Sultonovga zarbof to‘n kiydirilmadi. Shov-shuvli jinoyatga shov-shuvli hukm: zo‘ravonni qo‘llagan sudyalar ustidan tekshiruv boshlandi. Tibbiyotda elektron retsept talabi: yangi tizimga sekin-asta o‘tiladi. Eng bilimli yoshlar taqdirlandi: ular orasida 1 mlrd so‘m olganlar ham bor.
Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim xabarlari – Kun.uz dayjestida
Neft-gaz sohasi: iste’fo va tayinlovlar
O‘zbekistonda yillardan beri davom etayotgan gaz inqirozi rasman tan olindi va soha rahbarlari almashtirildi. Xususan, o‘zbek energetikasining uzoq yillik rahbari Alisher Sultonov lavozimini tark etdi. Buning ortidan respublikadagi eng yirik gaz qazib chiqaruvchi kompaniya bo‘lmish “O‘zbekneftgaz”ga ham yangi rais tayinlandi.
Prezident matbuot xizmatining seshanba kungi xabariga ko‘ra, Alisher Sultonov davlat rahbarining energetik xavfsizlik masalalari bo‘yicha vakili lavozimidan ozod etilgan. Xabarda buning sababiga aniqlik kiritilmagan. Taxmin qilish mumkinki, Sultonov – iyun oyida Prezident administratsiyasi rahbariyatida bo‘lgan o‘zgarishlardan keyin, kursisi qimirlab qolgan amaldorlardan biri edi: u iyul oyida prezident maslahatchisi lavozimidan prezident vakili mansabiga tushirilgandi.
O‘zbekiston energetikasi asosan tabiiy gaz ustiga qurilgan. Alisher Sultonov – aynan neft-gaz sohasining eng katta rahbarlaridan biri edi. U oxirgi 10 yilda “O‘zbekneftgaz” raisi, bosh vazir o‘rinbosari, energetika vaziri va prezident maslahatchisi kabi lavozimlarda ishlab, energetika siyosatini belgilashda muhim o‘rinni egallab kelayotgandi. Uning ortidan “O‘zbekneftgaz”da ham rahbar almashgani, shu bilan birga Energetika vazirligi, “O‘zatom” agentligi yoki elektr tarmoqlari kabi boshqa tashkilotlarda kadr o‘zgarishi bo‘lmaganiga qaraganda, iste’fo aynan gaz masalasi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Voqealar rivoji energetika siyosatini yuritishda bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning roli ortganiga ishora qiladi. U payshanba kuni “O‘zbekneftgaz”ning yangi raisi Abdug‘ani Sanginovni kompaniya jamoasiga rasman tanishtirarkan, neft-gaz sohasida “kutilgan natijalarga erishilmagani”ni tanqid qildi. “Kutilgan natijalarga erishilmadi” degan bayonotni – “shuncha yildan beri neft-gaz sohasiga milliardlab mablag‘ berib kelyapmiz, lekin shuncha xarajatga yarasha natija olganimiz yo‘q” deya talqin qilsak, xato bo‘lmasa kerak.
Qo‘chqorov yig‘ilishda aynan nima degani bizga qorong‘i, lekin jamoatchilikka ma’lum vaziyat quyidagicha: rasmiy statistikaga ko‘ra, 2019-2024 yillarda qazib chiqarish hajmi 16 mlrd kubometr yoki 27 foizga qisqarib ketgan. Natijada o‘zbek iqtisodiyoti Turkmaniston va Rossiyadan gaz importiga muhtoj holatga kelib qoldi.
Bu qaramlikning oqibatlari o‘tgan hafta ham yaqqol sezilgan edi: Turkmaniston gaz tizimida texnik nosozlik yuzaga kelishi – butun O‘zbekiston bo‘ylab metan-shoxobchalarga cheklov kiritilishiga olib keldi. Joriy haftada esa, qator hududlarda birinchi qor yog‘ishi bilan, shoxobchalarning ish vaqti yanayam qisqarib, har yilgidek odatiy va uzun navbatlar mavsumi yana start oldi. Ayni paytda, elektr uzilishlari ham ro‘y bermoqda.
Ikki yil oldin tasdiqlangan O‘zbekiston–2030 strategiyasiga ko‘ra, gaz qazib olish 5 yildan keyin 62 mlrd kubometrga yetishi kerak. Bu strategik vazifa bajarilishi uchun, qazib olish hajmini hozirgidan 1,5 barobarga oshirish talab etiladi. Lekin hozir 1,5 karra oshirish uyoqda tursin, pasayish tendensiyasini bir amallab to‘xtatib olish – kun tartibidagi asosiy masala. Jamshid Qo‘chqorov o‘tkazgan yig‘ilishda ham ayni shu masala asosiy mavzu bo‘lgan. Vitse-premer “O‘zbekneftgaz”ning yangi rahbaridan qazib chiqarish dinamikasini barqarorlashtirishni talab qilgan. Bunga javoban Abdug‘ani Sanginov yangi strategiya ishlab chiqib, “tizimli natijalar”ga erishishga so‘z bergan.
Agar “O‘zbekneftgaz”ning bir necha yil oldin va’da qilingan IPO'si amalga oshganida, kompaniya aksiyalarining narxi o‘zgarishiga qarab, Abdug‘ani Sanginov tayinloviga bozorning reaksiyasini bila olgan bo‘lardik. Hozir esa, yangi raisning faqat karerasi haqida qisqacha axborot berish bilangina cheklanishga majburmiz. 66 yoshli funksioner butun faoliyatini suv inshootlariga bag‘ishlagan: mehnat faoliyatini o‘zi tug‘ilib o‘sgan Surxondaryoda, “To‘palangsuvqurilish” trestida boshlab, 2008 yilda “O‘zsuvenergo” bosh direktori lavozimigacha ko‘tarilgan, 2017 yilda esa yangi tashkil etilgan “O‘zbekgidroenergo” raisi etib tayinlangan. Bir so‘z bilan aytganda, GESlar bo‘yicha mutaxassis.
Abdug‘ani Sanginov 2020-2024 yillarda Senat a’zosi ham edi. U 2020 yili Sardoba suv omboridagi o‘pirilishdan keyin ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlar nishoniga aylangan, o‘shanda uning matbuot xizmati “O‘zbekgidroenergo” ham, Sanginovning o‘zi ham bu suv ombori qurilishiga aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgandi. Keyinchalik, 2021 yilda Sanginovning o‘g‘liga tegishli kompaniya Surxondaryodagi qariyb 1,5 trln so‘mlik gidroenergetika loyihasiga pudratchi sifatida tendersiz tanlangani ma’lum bo‘lgandi.
Chorshanba kuni “O‘zbekgidroenergo” jamoasi kompaniyaning birinchi va 8 yillik rahbarini yangi lavozimga hurmat bilan kuzatib, unga to‘n kiydirdi. Ertasi kuni “O‘zbekneftgaz” jamoasi ham endilikda sobiq rais Bahodir Siddiqov bilan xuddi shunday xayrlashdi. Rasmiy xabarda Siddiqov “boshqa ishga o‘tayotgani” aytilgan – bu borada hozircha aniq ma’lumot yo‘q.
Darvoqe, gaz qazib chiqarishning qisqarishiga barham berish vazifasi faqat Sanginovning zimmasida emas. Yuqorida energetik qarorlarni qabul qilishda Jamshid Qo‘chqorovning vazni oshgani ehtimolini tilga olgandik. Bu yana bir misolda yaqqol ko‘zga tashlanadi: prezident topshirig‘i bilan, iqtisodiyot va moliya vazirining neft-gaz masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Bu lavozimga bungacha ham vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan Xurshid Mustafoyev tayinlandi. U 2020 yildan beri elektr energiyasi, tabiiy gaz va boshqa tovarlar tariflarini belgilashda mas’ul boshqarma boshlig‘i sifatida ishtirok etib kelgan, 2024 yildan boshlangan tariflarni erkinlashtirish jarayonidan keyin vazir o‘rinbosarligiga ko‘tarilgan edi.
Akmal Shukurov ishi: apellyatsiya sudining “saxiyligi” o‘tmadi

Qalovini topsang, qor ham yonadi. Haftaning eng shov-shuvli voqealaridan biri bu naqlning bejiz o‘ylab topilmaganini ko‘rsatadi. Yodingizda bo‘lsa, shu yil bahorda Toshkentdagi tungi klub oldida janjal chiqqan, unda Akmal Shukurov ismli shaxs uch kishini kaltaklab, ulardan birining komaga tushib qolishiga sabab bo‘lgan, o‘zi esa qochib ketgan edi. Shukurov keyinchalik Qozog‘istondan ushlab olib kelingan. Tergov davomida ma’lum bo‘lgandiki, u avvalroq boshqa bir kafeda ham bir kishini urib jarohatlagan, bundan tashqari 190 ming yevrodan ortiq qiymatdagi firibgarlikni sodir etgan. Oktyabr oyida sud Shukurovni Jinoyat kodeksining 3 ta moddasida aybdor deb topib, uni 8 yildan ko‘proqqa ozodlikdan mahrum etgandi.
Bu hafta Kun.uz surishtiruvidan ma’lum bo‘lishicha, 8 yillik qamoq jazosi 8 haftaga ham bormagan. 9 dekabr kuni Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi Akmal Shukurovning aybiga qisman iqrorligi, jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi va boshqa omillarni inobatga olib, 8 yil-u 1 oylik ozodlikdan mahrum qilish jazosini 4 yil-u 1 oylik ozodlikni cheklash jazosiga almashtirgan va sudlanuvchini qamoqdan chiqarib yuborgan.
Sud tizimi – ijtimoiy adolat va barqarorlikning fundamental asosi. Kamera yozuvlari orqali butun O‘zbekiston guvohi bo‘lgan bu kabi jinoyatlarda aybdorga bunchalar shafqat ko‘rsatilishi – tanish-bilishiga, puliga yoki puldor otasiga ishongan minglab zo‘ravonlarning ongostiga juda xavfli signalni yuboradi. Xayriyatki, holat Kun.uz va boshqa nashrlarda yoritilib, tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lishi ortidan, ish zudlik bilan qayta ko‘rib chiqildi.
Taftish instansiyasining payshanba kungi ajrimi bilan, prokuratura kiritgan protest qanoatlantirildi va Shukurovning 9 kunga cho‘zilgan ozodligiga chek qo‘yildi. U qamoqqa qaytarilib, bu safar 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Zo‘ravonga nisbatan mehri jo‘shib ketgan apellyatsiya sudyalari ustidan esa tekshiruv boshlandi: Sudyalar oliy kengashi xabarida xizmat tekshiruvi natijasi jamoatchilikka ochiqlanishi aytilgan.
Tibbiyot: Faqat hisobotlarga qarab xulosa chiqarish xato

O‘tgan hafta Toshkent shahri va yana 15 ta tuman-shaharda dabdurustdan dori vositalari sotuvi bo‘yicha elektron retsept tizimiga o‘tish boshlangan, lekin amaliyotni joriy etishdagi qo‘pol xatolar sabab tushunmovchiliklar yuzaga kelgan edi. Chunki oddiy etil spirtidan tortib, paratsetamol, nimesil, ambroksol yoki suprastin kabi keng iste’moldagi preparatlargacha dorixonalarda elektron retsept so‘rash boshlangandi. Dushanba kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonot bilan chiqib, yangi tizimni joriy etishda yumshatishlar bo‘lishini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, birinchi bosqichda belgilangan hududlarda faqat antibiotiklar va gormonal preparatlar uchun elektron retsept talab etiladi. Ro‘yxatni bosqichma-bosqich kengaytirib borish bo‘yicha qarorlar yangi tuzilgan ekspertlar kengashi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi. Tibbiyot va farmatsevtika muassasalari DMED tizimiga bepul ulanadi, bunda tizimga elektron retseptni kiritish, ya’ni bemorga retsept asosida sotiladigan dorini buyurish faqatgina shifokorning vakolatida bo‘ladi.
O‘tish davrida va favqulodda shoshilinch holatlarda retseptni qog‘oz shaklida yozib berish imkoniyati ham saqlanib qoladi. Shuningdek, barcha bemorlar 1003 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish orqali, oilaviy shifokori bilan masofadan bog‘langan holda, o‘ziga kerakli dori uchun elektron retsept olishi mumkinligi ma’lum qilindi. Agar dorixonaga kirgan bemorning qo‘lida QR-kodli retsept yo‘q, lekin u elektron tizimda mavjud bo‘lsa, xaridor o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatning originali yoki elektron shaklini ko‘rsatish orqali, retsept talab qilinadigan dorini xarid qilishi mumkin bo‘ladi.
Aslini olganda, elektron retsept – bu tartibli va zamonaviy tibbiyot tizimining asosiy belgilaridan. Bu orqali bemorlarga haddan tashqari ko‘p dori yozib berishdan tortib, farmatsevtika va tibbiyotdagi korrupsiyagacha bo‘lgan ko‘plab tizimli muammolarni nazoratga olish mumkin. Shu sababli qator faollar tizimning o‘zi xayrli ekani, lekin uni joriy etishdagi yondashuv noto‘g‘ri bo‘lganini aytmoqda.
Tibbiyot tizimidagi muammolarga bu hafta Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham e’tibor qaratdi. U Samarqand viloyati Urgut tumanida bo‘lib, chekka qishloqlardan biridagi eski poliklinika va tug‘ruqxonaning holati bilan tanishdi. Qurilganiga 50 yildan oshgan, hozir 16 ta qishloq aholisi uchun tug‘uruq qabul qiladigan eng yaqin va yagona tibbiyot maskanining ahvoli havas qilgudek emas. “Bugun ko‘rganlarim shuni yana bir bor isbotladi: sog‘liqni saqlashdagi muammolarni faqat hisobot va hujjatlar asosida baholab bo‘lmaydi”, – dedi Mirziyoyeva.
Viza masalalari va AQShdagi otishma qurboni bo‘lgan vatandosh
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan viza tartibini yengillashtirish bo‘yicha muzokara boshladi. Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, rasmiy Toshkent Yevropaga o‘qish va ishlash uchun borayotgan o‘zbekistonliklar, shuningdek, yuk mashinalari haydovchilari va turistik guruhlar uchun viza tartib-taomillarini soddalashtirishni so‘rayapti. Muzokaralarning birinchi raundida Yevroittifoq ekspertlari bu masalani Yevrokomissiya yig‘ilishiga kiritish uchun bajarilishi zarur bo‘lgan shartlarni belgilab bergan. Aynan qanaqa shartlar haqida gap ketayotgani ma’lum emas.
O‘zbekiston prezidentining shu yil may oyidagi farmoniga asosan, xuddi shunday muzokarani AQSh bilan ham o‘tkazish vazifasi qo‘yilgan. Bu muzokara boshlangani haqida hozircha xabarlar bo‘lmadi. Ayni paytda, so‘nggi voqealar bu masalani yana ham murakkablashtirib yuborishi mumkin. Juma kuni AQSh hukumati grin karta lotereyasi vaqtincha to‘xtatilganini e’lon qildi. Braun universitetida otishma uyushtirishda gumonlangan shaxs Qo‘shma Shtatlarga aynan grin karta lotereyasi orqali kirib kelgani bunga sabab bo‘lgan.
Eng achinarlisi, o‘tgan shanba kuni Rod-Aylend shtatidagi Braun universitetida ro‘y bergan otishmaning ikki qurbonidan biri – hamyurtimiz edi. 18 yashar talaba MuhammadAziz Umrzoqov – shu universitetning 1-kursida o‘qiyotgan bo‘lgan. AQSh nashrlarining yozishicha, MuhammadAziz universitetga kirish uchun qattiq tayyorgarlik ko‘rgan, o‘zi ishlab topgan pulga noutbuk sotib olgan, kelgusida neyrojarroh bo‘lish niyatida edi. Fojiadan keyin GoFundMe'da ochilgan xayriya aksiyasida 10 mingdan ziyod kishining ishtiroki bilan 500 ming dollardan ortiq mablag‘ to‘plandi – yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, to‘plangan mablag‘ning oila duch keladigan xarajatlardan ortgan qismi MuhammadAzizning nomidan xayriyaga yo‘naltiriladi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
2025 yilgi xalqaro fan olimpiadalarida sovrindor bo‘lgan maktab o‘quvchilari pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Eng katta mukofot xalqaro kimyo olimpiadasida oltin medal olgan Daler Rahimov va Mirjahon Muhammadovga nasib etdi – ularning har biriga 1 mlrd so‘mdan topshirildi. Eng nufuzli fan olimpiadalarida kumush medal olganlarga 618 mln so‘mdan, bronza olganlarga 412 mln so‘mdan berildi. Umuman, taqdirlash tadbirida jami 107 nafar olimpiadachi va ularning 83 nafar ustozini taqdirlashga 12,5 mlrd so‘m yo‘naltirildi. Ular O‘zbekistonga jami 210 ta medalni hadya qilishgan.
Toshkent shahriga 75 ta maktab va 75 ta bog‘cha yetishmayapti. Bundan tashqari, 23 ta sport obektiga ham ehtiyoj bor. Bu haqda Yunusobodda o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtdagi tuman hokimlari o‘zlari mablag‘ jalb qilib, har yili 1 tadan maktab, bog‘cha va sport obektini qurishi kerak. Qolgan 15 tadan maktab-bog‘cha va 11 ta sport obektini esa hukumat qurib beradi. Prezident tashrifidan keyin, Yunusobod va Sergeli tumanlarida hokim o‘zgardi. Yunusobodga hokim bo‘lgan Abrorxo‘ja Saidaliyev bor-yo‘g‘i 31 yoshda ekani e’tiborli. U bungacha Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining birinchi o‘rinbosari edi.
Bekobodda IIB xodimining vahshiy jinoyati tergov qilinyapti. Kun.uz manbasiga ko‘ra, Bekobod tumani jinoyat-qidiruv bo‘limining 36 yoshli tezkor xodimi 11 dekabr kuni mast holatda Nexia-3 mashinasini boshqarib, 43 yoshli erkakni urib yuborgan va uning o‘limiga sabab bo‘lgan. Shundan keyin jinoyatini yashirish uchun murdani tumanning Shova mahallasidan oqib o‘tuvchi Farhod kanaliga tashlab yuborgan. Bu ishda unga xotini ham yordamlashgan. Tezkor xodim jinoyatning ertasiga qamoqqa olingan; murdani topish ishlari esa 16 dekabr holatiga hamon davom etyapti.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Jahon chempionatidagi ishtiroki uchun FIFAdan eng kamida qancha pul olishi oydinlashdi. Mundialdagi budjet taqsimotiga ko‘ra, ishtirokchi jamoalar tayyorgarlik uchun 1,5 mln dollar, guruh bosqichidagi ishtiroki uchun esa 9 mln dollar oladi. Ya’ni minimum summa – 10,5 mln dollar. Guruhdan chiqa olganlarga yana kamida 2 mln dollar qo‘shiladi. Ma’lumot uchun, bu pullar milliy futbol assotsiatsiyalariga to‘lanadi va ularni qanday tasarruf etishni milliy assotsiatsiyalarning o‘zlari hal qiladi – FIFA bu jarayonga aralashmaydi.
Muallif – Komron Chegaboyev
Dastur boshlovchisi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Mavzuga oid
20:14 / 25.12.2025
Dekabr oyi boshidan beri propan 10 foizga qimmatlashdi
10:03 / 25.12.2025
Toshkentda avtobuslarga gaz quyish shoxobchalari 33 tadan 11 tagacha qisqartirildi
07:35 / 25.12.2025
Strategik metallar zanjiri: 2030 yilda nazorat kimning qo‘lida bo‘ladi?
23:18 / 22.12.2025