Taxminan 1600 nafar tibbiyot xodimi Kanadaning Vindzor shahridan AQShning koronavirus avj olgan Detroyt shahriga qatnab ishlamoqda. Ammo ular virus tashuvchisi bo‘lib qolishi mumkin, degan xavotirlar bor.

AQShning Detroyt va Kanadaning Vindzor shaharlarini Detroyt daryosi ajratib turadi. Ikki tomonni suvosti tunneli va Elchi deb nom berilgan yirik ko‘prik bog‘lab turadi.

The New York Times chop etgan «Detroytda ular qahramon, Kanadada esa ularni potensial xavf deb ko‘rishmoqda» sarlavhali maqolada shu haqda so‘z boradi.

Pandemiya tufayli AQSh-Kanada chegarasini kesib o‘tish hozir ko‘pchilik uchun ilojsiz. Lekin Laura Dufresne kabi Kanadada yashab, AQShda ishlaydiganlar uchun chegarani kesib o‘tish – doimgi kun tartibining bir qismi bo‘lib qolmoqda.

Vindzor-Detroyt o‘rtasidagi tafovut va yaqinlik

Dufresne xonim – Ontario shtatining Vindzor shahridan Detroytga ishga boradigan 1 600 hamshira va tibbiyot xodimlaridan biri. U yashaydigan Vindzor shahrida 217 ming aholi bor. Detroyt esa 4 millionlik aholiga ega megapolis.

Vindzorda infeksiya tarqalishi nisbatan nazorat ostiga olingan bo‘lsa, Detroyt – AQShning infeksiya eng avj qolgan nuqtalaridan biri.

Miss Dufresne kabi tibbiyot xodimlari bu vaziyatda o‘zlarining tibbiy burchini bajarib, noqulay holatga tushmoqda. Kanada rasmiylari potensial xavf oldida o‘zlarini qo‘pol tutishmoqda, natijada sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari hatto uylarida ham kasallik tashuvchisi sifatida o‘zlarini bosim ostida sezishyapti.

Bu faqat vindzorliklar uchun emas, balki butun Kanadaga taalluqli. Sababi AQShda virus tarqalishi avj olib ketgan, Kanadada esa bemorlar soni qo‘shnisiga qaraganda 22 barobarga kam.

Boshqa mamlakatlarda ham tibbiyot xodimlari shifoxonalardan chiqib, uylariga qaytishayotganda jamoatchilik tomonidan o‘zlariga virus tarqatuvchilar tarzida munosabatda bo‘lishayotganini sezishmoqda.

Masalan, Meksikada rasmiylar tibbiyot xodimlariga nisbatan bir nechta hujum va diskriminatsiya sodir bo‘lganini qayd etishdi. U yerda hamshiralar hujumga uchragan, avtobuslardan tushirib yuborilgan va ularga xlor sepilgan.