O‘zbekiston | 20:03 / 16.06.2023
100751
4 daqiqa o‘qiladi

Ayrim toifadagi avtomobillar uchun bojxona to‘lovlari keskin kamaytirilmoqda

Prezident ayrim toifadagi mashinalar uchun bojxona to‘lovlarini keskin kamaytirish bo‘yicha uzoq kutilgan qarorni imzoladi.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Aholining yengil avtotransport vositalariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Qarorga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 1 yildan oshmagan, dvigatel hajmi 1 200 sm kubdan yuqori bo‘lmagan yangi yengil avtotransport vositalari uchun (TN TIF kodi 8703 21 10, 8703 22 10 va 8703 31 10) 2026 yil 1 yanvarga qadar quyidagi bojxona boji stavkalari belgilanmoqda:

  • 1 000 sm kubgacha — 0 foiz (amalda – 15 foiz + 0,4 AQSh doll/kub sm);
  • 1 000–1 200 sm kub — 5 foiz (amalda – 15 foiz + 0,6 AQSh doll/kub sm).

Natijada dvigatel hajmi 1 000 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun bojxona to‘lovlarining jami miqdori amaldagi 39–43 foizdan 19–23 foizgacha, dvigatel hajmi 1 000–1 200 sm kub bo‘lgan avtomobillar uchun esa 44–52 foizdan 30–36 foizgacha kamayadi.

Yangi qaror narxga qanday ta’sir qiladi?

Prezident qarori asosida dvigatel hajmi 1200 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun bojxona stavkalari keskin kamaytirilgani, 1000 sm kubgacha bo‘lganlariga esa 0 foizga tushirilgani narxlarga qanday ta’sir qiladi? Keling, buni aniq misollar bilan ko‘rib chiqamiz.

1 000 sm kub hajmli avtomobil uchun

Ushbu toifaga kiruvchi bozor narxi 10 ming AQSh dollari bo‘lgan avtomobilni misol sifatida olamiz. Bunda quyidagi majburiy to‘lovlar mavjud:

Bojxona boji

  • Avval: 1 900 AQSh dollari (15 foiz + 0,4 AQSh doll/kub sm).
  • Hozir: 0 AQSh dollari (0 foizga tushirildi).
  • Farq: 1 900 AQSh dollar

QQS (12 foiz)

  • Avval: 1 428 dollar (bojxona boji qo‘shilgach hisoblangan)
  • Hozir: 1 200 dollar
  • Farq: 228 dollar

Utilizatsiya yig‘imi (bazaviy stavkaning 30 baravari)

  • Taxminan 846 dollar (9 mln 900 ming so‘m)

Bojxona yig‘imi (0,2 foiz)

  • Taxminan 20 dollar

YaKUNIY NARX:

  • Avval: 14 ming 194 dollar
  • Hozir: 12 ming 066 dollar
  • Farq: 2 ming 128 dollar

Demak, dvigatel hajmi 1 000 sm kubgacha, narxi 10 ming AQSh dollari bo‘lgan avtomobil uchun to‘lanadigan majburiy to‘lovlar taxminan 2 ming 128 AQSh dollariga arzonlaydi (ushbu hisob-kitoblarda logistika narxi hisobga olinmagan).

1 000 – 1 200 sm kub hajmli avtomobil uchun

Ushbu toifaga kiruvchi (1197 sm kub) bozor narxi 20 ming AQSh dollari bo‘lgan avtomobilni misol sifatida olinadi. Bunda quyidagi majburiy to‘lovlar mavjud:

Bojxona boji

  • Avval: 3 718 dollar (15 foiz + 0,6 AQSh doll/kub sm).
  • Hozir: 1 000 dollar (5 foizga tushirildi).
  • Farq: 2 718 dollar

QQS (12 foiz)

  • Avval: 2 846 dollar
  • Hozir: 2 520 dollar
  • Farq: 326 dollar

Utilizatsiya yig‘imi (bazaviy stavkaning 120 baravari)

  • Taxminan 3 385 dollar (39 mln 600 ming so‘m)

Bojxona yig‘imi (0,2 foiz)

  • 40 dollar

YaKUNIY NARX:

  • Avval: 29 ming 989 dollar
  • Hozir: 26 ming 945 dollar
  • Farq: 3 ming 044 dollar

Demak, dvigatel hajmi 1 000 – 1 200 sm kub, narxi 20 ming AQSh dollari bo‘lgan avtomobil uchun to‘lanadigan majburiy to‘lovlar taxminan 3 ming 044 AQSh dollariga arzonlaydi (ushbu hisob-kitoblarda logistika narxi hisobga olinmagan).

Mavzuga oid