Kun.uz’da Namangan shahrining Jaloliddin Manguberdi ko‘chasida aholi xonadonlariga juda yaqin hududda AGTKS qurilayotgani haqida surishtiruv e’lon qilingandi. Unda odamlar belgilangan me’yorlarga amal qilinmasdan qurilayotgan ushbu «zapravka» ortida viloyatdagi ko‘plab «metan-zapravka»lar egasi hisoblangan Qudratbek Abdullayev turganini ta’kidlashayotgani, bu shaxs viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovning qudasi ekani aytilgandi.

Hozircha Kun.uz e’lon qilgan maqolaga birorta davlat tashkiloti yoki rasmiy shaxs munosabat bildirmadi. Bu jimlik aslida ko‘p narsani «so‘zlayotgan»dek edi.

Ammo kutilganidek, norasmiy «javob» qaytarildi: ijtimoiy tarmoqlarda trollar fabrikasi ishga tushib, xonadonlar yonida AGTKS qurish odamlar hayotini ochiqchasiga xavf ostiga qo‘yish ekanidan ogohlantirgan jurnalist sha’niga mag‘zava to‘kishni boshlab yuborishdi. Ayniqsa, trollar Facebook ijtimoiy tarmog‘ida anchagina faollik ko‘rsatib, «shovqin» ko‘tarishga urinib ko‘rishdi.

Biroq ularning bu harakati faol blogerlar va jurnalistlarning keskin qarshi fikrlariga uchradi.

Jumladan, bloger Dima Qayum shunday yozadi:

«Elmurod Ermatov haqqoniy faktlar bilan ish qiladi. Xalqimizni qiynayotgan muammolarni qo‘rqmay yoritadi. Prezidentimizning jurnalistlarga qarata «Qo‘rqmanglar, ortingizda men borman», degan so‘zlaridan ilhom olib, tun-u kun tinmaydi. Janoblar, bilaman pullaring ko‘p, internetda o‘nlab trollar yollab, bu insonni obro‘sizlantirishga urinmoqdasizlar. Ammo bu «o‘yinlaring»ni yosh bola ham biladi. Trollaring esa g‘irt xashaki trollar. Undan ko‘ra faktlar bilan halol «o‘yin» qilinglar. Faktlaring yo‘qmi, unda jim. Yo‘qolsin korrupsiya».

Muxbir Daliyev trollar hujumiga qarshi jurnalist va blogerlardan albatta «otvet» bo‘lishini ma’lum qilgan:

«Elmurod Ermatovning Namangandagi metan gaz qiroli Qudratboy haqidagi maqolasidan so‘ng namanganlik trollar hujumga o‘tishni boshlabdi. Albatta, trollarga qayerdan topshiriq ketganligini yaxshi bilamiz. Va, albatta, bunga jurnalist va blogerlarning javobi bo‘ladi. Bizda qoida shunaqaki, bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun. Tong otsin, namanganlik trollar topshiriq bergan xojasini qanday qilib himoya qilishini ko‘ramiz».