O‘zbekiston | 13:15 / 17.01.2020
6517
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasida sheriklik bo‘yicha yangi uzoq muddatli strategiya ishlab chiqiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 yanvar kuni Jahon banki vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Jahon banki guruhi dunyo miqyosidagi yetakchi moliyaviy institut bo‘lib, mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning yangi dasturini amalga oshirishda strategik sherikdir.

Bank ekspertlari O‘zbekistonda qishloq va suv xo‘jaligi, geologiya, bank-moliya va soliq, ta'lim sohalarida modernizatsiya ishlarini samarali amalga oshirishga doir takliflarni ishlab chiqishda, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlarda faol ishtirok etmoqda.  

Bugungi kunda Jahon banki tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilgan va davom ettirilayotgan loyihalarning qiymati 5,5 milliard dollarni tashkil etadi.

O‘tgan yili ushbu global moliyaviy institut umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan yangi istiqbolli loyihalarni ma'qulladi. Navoiy viloyatida quyosh elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kimoshdi savdosi, shuningdek, Vashington shahrida "Mamlakat platformasi" taqdimoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Davlat rahbari bularning barchasi O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi yaqin hamkorlik, ochiq va konstruktiv muloqot natijasida erishilganini alohida ta'kidladi.

O‘z navbatida, Siril Myuller Jahon banki guruhi prezidenti Devid Melpassning samimiy salomini yetkazib, tashkilot O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor qayd etdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Muhim tarmoqlarda, jumladan, qishloq xo‘jaligi, energetika, neft-gaz tarmog‘i, transport va boshqa sohalarda islohotlarni davom ettirishga ko‘makni kengaytirish hamda qashshoqlikka qarshi kurashish borasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi sheriklik bo‘yicha yangi uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqishga kelishib olindi.

Mavzuga oid