Belgraddagi Serbiya saroyida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning yuzma-yuz va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston va Serbiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida Oʻzbekiston rahbari Serbiya yetakchisiga samimiy qabul va mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston prezidentining Belgradga ilk tashrifi mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarda yangi bosqichning boshlanishi sifatida tarixga kirishini taʼkidladi.

Siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlik hamda ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Kelajakda diplomatik vakolatxonalar ochilishi va parlamentlararo forum tashkil etilishi munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar hamkorlikning mustahkam poydevoriga aylanmoqda. Yil boshidan buyon yuqori darajadagi delegatsiyalar ishtirokida qator iqtisodiy tadbirlar muvaffaqiyatli tashkil etildi.

Kecha Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bugun ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida Oʻzbekiston – Serbiya biznes forumi oʻtkaziladi.

Oʻzaro savdo hajmini birinchi navbatda talab yuqori boʻlgan tovarlar yetkazib berishni kengaytirish hisobiga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada Erkin savdo toʻgʻrisidagi bitimni ishlab chiqish va qabul qilish, standartlashtirish sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, oʻzaro koʻrgazmalar tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, kelgusi yili Oʻzbekiston Belgrad shahrida boʻlib oʻtadigan EXPO-2027 xalqaro koʻrgazmasida oʻzining milliy paviloni bilan faol ishtirok etishi qayd etildi.

photo_2026-09-08_16-51-38

Transport va logistika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, tibbiyot va raqamli iqtisodiyot kabi ustuvor yoʻnalishlarda yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi. Avtomobil qismlari, uskunalar, elektr texnika va elektronika ishlab chiqarish borasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.

Barcha kelishuvlarni sifatli amalga oshirish maqsadida 2026-2028 yillarga moʻljallangan sanoatda sheriklikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi qabul qilindi.