Ukraina mudofaasi boʻyicha Kontakt guruhi - «Ramshtayn» formatidagi 36-yigʻilishda Germaniya va Buyuk Britaniya Kiyevga yangi harbiy yordam paketlarini eʼlon qildi. 8-sentabr kuni videokonferensiya shaklida oʻtkazilgan yigʻilishda qariyb 50 davlat vakillari ishtirok etdi.
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Berlin Bundesver omborlaridan Ukrainaga Patriot havo mudofaa tizimlari uchun PAC-2 tutib qoluvchi raketalarini shoshilinch ravishda yetkazib berishini maʼlum qildi.
Pistorius Kontakt guruhiga aʼzo boshqa davlatlarni ham oʻz harbiy zaxiralarini qayta koʻrib chiqib, Ukrainaga shunday raketalarni yetkazib berishga chaqirdi.
Uning taʼkidlashicha, Yevropa davlatlari bir tomondan oʻz xavfsizligi ehtiyojlarini taʼminlashi, ikkinchi tomondan esa Ukrainaga shoshilinch yordam koʻrsatishi kerak. Bu ikki vazifa oʻrtasida muvozanatni saqlash oson emasligini tan olgan Germaniya mudofaa vaziri shubha tugʻilgan holatlarda Ukraina foydasiga qaror qabul qilishga chaqirgan.
Pistorius Ukraina havo mudofaasini mustahkamlashni ayni paytdagi eng dolzarb ehtiyoj deb atadi. Uning fikricha, qish yaqinlashgani sari Rossiyaning havo hujumlari kuchayishi mumkin. Shu sabab Ukraina qishga tayyorgarlik koʻrishda vaqt bilan poygada ekani taʼkidlandi.
Germaniya PAC-2 raketalaridan tashqari, Bundesver zaxiralaridan AIM-9 «havo-havo» raketalarini yetkazib berish hajmini ham oshiradi. Berlin IRIS-T havo mudofaa tizimlari va ular uchun raketalarni yetkazib berishni ham davom ettiradi.
Ukraina yana bir necha ming boshqariluvchi IRIS-T raketalarini buyurtma qilishni rejalashtirmoqda. Bu xaridlarni Ukrainaga yordam koʻrsatish uchun ajratilgan Yevropa Ittifoqi krediti hisobidan moliyalashtirish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, Germaniya Ukrainaga dronlar yetkazib berishni davom ettiradi hamda bir necha oʻn ming uzoq masofali artilleriya snaryadlarini xarid qilishni moliyalashtiradi. Ushbu oʻq-dorilar Britaniya boshchiligidagi artilleriya va havo mudofaasi konsorsiumi orqali xarid qilinishi rejalashtirilgan.
Britaniya 100 mln funt ajratadi
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ues Stritting yigʻilishda PURL dasturi doirasida raketalarni tutib qolish vositalarini tezkor yetkazib berish uchun 100 mln funt sterling ajratilishini maʼlum qildi.
London, shuningdek, joriy yil davomida Ukrainaga 120 mingta dron yetkazib berish boʻyicha majburiyatini bajarishda davom etmoqda. Britaniya tomoni maʼlumotiga koʻra, ularning 25 mingdan ortigʻi allaqachon Ukrainaga berilgan, qolgan dronlar qish boshlanguniga qadar yetkazib berilishi kerak.
















