Jamiyat | 09:20 / 21.01.2021
12271
6 daqiqa o‘qiladi

«Iflos havodan bo‘g‘ilyapmiz» - Mirzacho‘ldagi mahalla korxona qurilishiga qarshi, hokimlik tegishli boshqarmalar xulosasini inobatga olmayapti

Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumani «Ipak yo‘li» mahallasida yashovchi fuqarolarni bir necha oy davomida bezovta qilayotgan holat: aholi yashash punktiga yaqin hududda kimyoviy o‘g‘it ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxona faoliyat boshlagan.

«Ipak yo‘li» sanoatlashmagan mahallalardan biri hisoblanadi. Ochig‘i, chekka-chekka qishloqlarda korxonalar paydo bo‘lishi tabiiy tarzda ish o‘rinlari ko‘payishiga xizmat qiladi va odatda mahalliy aholi bunday tashabbuslarga xayrixoh bo‘ladi. Negadir «Ipak yo‘li» mahallasi ahlini mazkur korxonaning ishga tushirilishi butunlay norozi qilgan ko‘rinadi.

Xalq deputatlari Mirzacho‘l tuman kengashi deputati Zahriddin Usmonovning aytishicha, mahallaning boshlanish qismida kimyoviy o‘g‘it ishlab chiqarish korxonasi qurilgach, hududda yashayotgan aholidan e'tirozlar ko‘paygan. U xalq vakili sifatida bevosita o‘zi, qolaversa, fuqarolar nomidan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalariga murojaat qilinganini aytmoqda. Ammo hozircha muammo bartaraf etilmagan.

Kun.uz muxbirlari fosforli o‘g‘it ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Zilol buloq» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga bordi. O‘sha vaqtda korxona ishlamayotgandi. Korxona darvozasini hech kim ochmagani sababli MChJ mas'ullari bilan ko‘rishishning imkoni bo‘lmadi.

Uzoq yillardan beri shu mahallada yashab kelgan Abduxoliq Usmonovning aytishicha, korxona ishga tushganidan buyon hovlisida nafas olish qiyinlashgan. Abduxoliq akaning hovlisi mazkur obektga ancha yaqin joylashgan. U korxona ishlayotgan vaqtda atrofni qora tutun va qo‘lansa hid tutib ketishini qo‘shimcha qildi.

«Yaqinda ushbu korxona «sharofati bilan» bizning mahallamizga ham tabiiy gaz kelishi mumkinligi haqida gapirishdi. Ochig‘ini aytaman, shu korxona ishlab turib, aholiga gaz berishadigan bo‘lsa, bizga bunday gazning keragi yo‘qligini aytdik», deydi Abduxoliq Usmonov.

Manzura Nurboyeva haqiqiy holatni korxona ishlab turgandagina his qilish mumkinligini aytib o‘tdi.

«Shu yerdagi ko‘p qavatli uylarda turamiz. Korxona ayniqsa, karantin kuchaygan vaqtlarda to‘xtovsiz ishladi. Erta tongdan shunaqa havoda nafas olishga majbur bo‘ldik. Natijada, aksariyatimiz xuddi virus yuqtirib olganday holsizlanib qoldik. Koronavirus bo‘ldikmi deb mutaxassislarga ko‘ringanimizda ular ham shu korxonadan tarqalayotgan havodan bo‘lishi mumkinligini aytishdi. Hozir havo salqin bo‘lib qolgani uchun achimsiq hid kamaydi, ammo kunning issig‘ida chidab turolmaysiz», deydi u.

«Atrofga tarqalayotgan achchiq hid eski kasalliklarni qo‘zg‘ayapti. Bolalarimiz qiynalyapti. Korxona rahbariga shaxsan bir necha marta e'tirozimni bildirdim. Shu vaqtgacha traktor hidiga chidab yurgandilaring-ku, deyapti. Chunki uning farzandlari bu mahallada emas, shaharda yashaydi-da! Ichkarida ishchilar maxsus niqob kiyib ishlashyapti. Biz esa to‘g‘ridan to‘g‘ri bu iflos havodan nafas olishga majbur bo‘lyapmiz», deydi Abdujabbor Mavlonov.

Mirzacho‘l tumani hokimligi bergan ma'lumotga ko‘ra, «Zilol buloq» mas'uliyati cheklangan jamiyatida kelgusida sutkasiga 5 tonna kimyoviy o‘g‘it ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Loyiha qiymati 2,6 milliard so‘mni tashkil qiladi. Korxonani ishga tushirish muddati 2020 yilning avgust oyi bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Tuman hokimi o‘rinbosari, investitsiya va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Akram Tursunovning aytishicha, mazkur korxona hali to‘la quvvatda ishga tushirilgani yo‘q. Korxona uchun tuman markazidan tabiiy gaz quvuri tortib kelinayotgan ekan. Ayni paytda to‘liq ishga tushmagan korxonada sinov ishlari mazut, ko‘mir kabi yoqilg‘ilar bilan sinab ko‘rilgan. Keyinchalik obektning tepa qismi yopilib, xavfsizlik chorasi ko‘rilar ekan. Mutasaddi ayni vaqtda mazkur kimyoviy o‘g‘it ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonaning faoliyat ko‘rsatish tartibi, aholiga zarari mutaxassislar tomonidan o‘rganilayotganini bildirdi.

Hokim o‘rinbosari «Ipak yo‘li» mahallasida ushbu korxonadan tashqari yana bir qator loyihalar ham mo‘ljallanayotgani, kelgusida mahalliy aholini ish bilan ta'minlash maqsad qilinganini aytmoqda. Bu yaxshi, albatta. Tsex va korxonalarning ko‘paygani bu yangi ish o‘rinlari, degani. Ammo kimyoviy o‘g‘it ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonaning bu darajada aholi yashash punktiga yaqin joyda qurilgani odamni taajjubga soladi. Vaholanki, hali u to‘la quvvatda ishlamay turib, odamlarning e'tiroz va noroziligi ortib bormoqda.

Darvoqe, Jizzax viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining fuqarolarga bergan javob xatida bu kabi korxonalarning himoya zonasi 1000 metrni tashkil etishi me'yorga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgan. Boshqarmaning bildirishicha, aholi yashash punkti va «Zilol buloq» mas'uliyati cheklangan jamiyatining orasidagi masofa 210-230 metrni tashkil qiladi. Shuningdek, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ham korxonaning faoliyati bo‘yicha ijobiy xulosa bermagan.

Qiziq, Mirzacho‘l tumani hokimligi mazkur obektga markazdan tabiiy gaz tortib kelib berish harakatiga tushgan. Ammo savol tug‘iladi: yon atrofda yashayotgan xalq norozi, tizimga mas'ul ikkita viloyat boshqarmasi ijobiy xulosa bermay turgan bir vaqtda, tuman hokimligi yana kimning xulosasini kutyapti?

Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi: Jahongir ALIBOYeV.

Mavzuga oid