Tanlov tabiat hamda insonning atrof-muhit bilan munosabatlarini yorituvchi foto va video hikoyalarga bagʻishlangan. Bu yilgi sovrinli ishlar orasida hayvonlarni qutqarish, tungi oʻrmon hayoti va qayta tiklanuvchi energiya mavzularidagi suratlar ham bor.

Belgiyalik hujjatli fotograf Alen Shreder «Orangutanlarni qutqarish» turkumi uchun eng yaxshi fotohikoya mukofotini oldi. Indoneziyaning Sumatra orolida olingan suratlarda tabiiy yashash muhitining yoʻqolishi, odamlar bilan toʻqnashuvlar va yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosidan jabrlangan orangutanlarga yordam koʻrsatish jarayoni tasvirlangan.

Turkumda shoshilinch yordam, veterinariya muolajalari, reabilitatsiya va hayvonlarni yovvoyi tabiatga qaytarishga tayyorlash bosqichlari aks etgan. Suratlar bu jarayonning murakkabligi va tabiatni muhofaza qiluvchi mutaxassislar mehnatini koʻrsatadi.

«Sof tabiat - havo» yoʻnalishida Yan Pokludaning qizilishton va uning polaponi tasvirlangan surati gʻolib boʻldi. Qush keksa eman kovagidagi bolasiga ozuqa olib qaytgan lahza suratga tushirilgan. Uyaning odatdagidan past joylashgani fotografga bu manzarani kamyob rakursdan olish imkonini bergan.

«Karpat havzasi» yoʻnalishida Imre Potoning tungi oʻrmon surati eʼtirof etildi. Fotograf 108 soniyalik uzoq ekspozitsiya yordamida oy yoritgan oʻrmon fonida kapalaklar parvozining yorugʻ izlarini aks ettirgan.



















