Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi shaxmat olimpiadasida qoʻlga kiritilgan natijalar ortida sportchilarning ota-onalari, birinchi ustozlari, murabbiylari va ularni qoʻllab-quvvatlagan jamoalar turganini taʼkidladi. Prezident jahon chempioni Rustam Qosimjonov tajriba va bilimini yangi avlodga yetkazib kelayotganini alohida eʼtirof etdi.
– Ustozning eng katta gʻalabasi – shogirdlarining undan ham baland marralarga chiqishidir! – dedi davlat rahbari.
Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasining FIDE tomonidan “Eng yaxshi federatsiya” deb eʼtirof etilgani, Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy prezidenti etib saylangani mamlakatimizning jahon shaxmatidagi nufuzi yuksalayotganidan dalolat ekani qayd etildi.
– Bu natijalar tasodifiy emas. Bu – maktab, bu – tizim, bu – oʻzbek shaxmatining yangi darajasi, – dedi prezident.
2018-yilda qabul qilingan qaror asosida maktablarda shaxmat oʻqitish, murabbiylar tayyorlash va klublarni rivojlantirish yoʻlga qoʻyildi. Soʻnggi oʻn yilda oʻzbekistonlik 17 nafar shaxmatchi xalqaro grossmeyster unvoniga ega boʻldi, ularning besh nafari ayollardir.

Davlat rahbari navbatdagi maqsadni belgilab berdi: Yangi Oʻzbekistonni nafaqat Olimpiada chempioni, balki dunyo shaxmat markaziga aylantirish. Buning uchun mamlakatda tajriba, natija va yoshlarga namuna boʻladigan chempionlar borligi taʼkidlandi. Ulardan ilhomlangan minglab bolalarning shaxmatga kirib kelishi yangi isteʼdodlarni kashf etish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Shu maqsadda har bir viloyat, tuman va mahallada iqtidorli bolalarni erta aniqlash, ularni kuchli ustozlarga biriktirish va xalqaro turnirlarda muntazam qatnashishiga sharoit yaratish vazifasi qoʻyildi. Qizlar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish boʻyicha alohida tizim tashkil etiladi.
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Fargʻonada mintaqaviy filiallari ochiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball toʻplagan shaxmatchilarning xususiy klublarda oʻqish xarajatlari yarmi davlat tomonidan qoplanadi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Grand chess milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam oʻtkazib boriladi. Prezident Yangi Toshkentda 500 kishilik oʻyin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.






















































